Hazrati Imom majmuasi
Hazrati imom majmuasi (shuningdek, Hastimom) — Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan va XVI—XX asrlarga oid meʼmoriy yodgorlik. Majmua oʻz ichiga Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati imom jome masjidi, Tillashayx masjidi va Imom al-Buxoriy Islom institutini qamrab olgan. Ansambl Toshkentning birinchi imom-xatibi, olim, Toshkentdagi ilk islom targʻibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom qabri yonida barpo etilgan[manba kerak].
Hazrati Imom majmuasi | |
---|---|
Hazrati Imom majmuasi | |
Hazrati Imom majmuasi atrofidagi binolar | |
Joylashuvi | Toshkent, Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°20′14″N 69°14′22″E / 41.3373°N 69.2394°E |
Asosiy sanalar | XVI—XX asrlar |
Binolar |
Tillashayx masjidi Baroqxon madrasasi Qaffol Shoshiy maqbarasi Moʻyi Muborak madrasasi Hazrati imom jome masjidi |
Mashhur kishilari |
Abu Bakr ibn Ismoil al-Kaffol ash-Shoshiy Abdullaxon II |
Qarovchi | Davlat muhofazasida |
Balandligi | 53 metr |
Qurilish materiali | pishgan gʻisht |
Sayti | Masjid.uz |
Hazrati Imom majmuasi Vikiomborda |
Tarixiy manbalarga koʻra, Hazrati Imom qulf va kalit yasashda ham usta boʻlgan, buning uchun „Qulf sozlovchi“ degan maʼnoni anglatuvchi „Qaffol“ laqabini olgan, shuningdek, u Eski Ahdni (Tavrot) arab tiliga tarjima qilgan. Hazrati Imom 72 ta tilni bilgani rivoyat qilinadi[1].
Hozirgi kunda Hazrati Imom majmuasi Toshkent shahrining „Eski shahar“ qismida joylashgan boʻlib, 1966-yildagi kuchli zilziladan omon qolgan. 2007-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamgʻarmasi tashkil etilib, Hazrati Imom majmuasining tarixiy qiyofasini qayta tiklash maqsadida qurilish, taʼmirlash va obodonchilik ishlari olib borilgan[2][3].
Tarixi
tahrirHazrati Imom majmuasi imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil ash-Qaffol Shoshiy qabri atrofida bunyod etilgan. Qabr va uning atrofida vujudga kelgan meʼmoriy yodgorlik majmuasi Hazrati imom nomi bilan ataladi. Dastlab Baroqxon madrasasi, keyinroq Qaffol Shoshiy maqbarasi va 1579-yilda Abdullaxon II mablagʻlari hisobiga qoʻsh uslubida Shayx Bobohoji maqbarasi qurilgan (hozirda saqlanib qolmagan). XIX asr oʻrtalarida Hazrati Imom majmuasida Toshkent namozgohi (Tillashayx masjidi), Moʻyi Muborak madrasasi, Jome masjidi (hozirda saqlanib qolinmagan) bunyod etilgan. XX asr boshlarida Tillashayx masjidi qayta taʼmirlanib, yangi koʻrinishga keltirlgan. Majmua hududiga Eshon Boboxon ham dafn etilgan. Hazrati Imom majmuasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi joylashgan[2].
Tillashayx masjidi
tahrirTillashayx masjidi Toshkentlik mashhur shayx Tillashayx tomonidan, XIX asrning oxiri – XX asrning boshida, aniqrogʻi 1890—1902-yillarda bunyod etilgan. Tillashayx masjidi biroz vaqt faoliyat yuritgandan soʻng Rossiya imperiyasining mahalliy maʼmuriyati tomonidan yopib qoʻyilgan. Masjid soʻnggi marotaba 1902-yil qayta qurilgan. Masjid XX asrning 30-yillarida yopilib, artelga (kasb-hunar egalari birlashmasi) aylantirilgan. 1943-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratini tashkil etishga ruxsat berilganida faoliyatini qaytadan boshlagan birinchi masjidlar qatori „Tilla Shayx“ ham ochiladi. Masjid 1955—1963-yillarda usta Shirin Murodov tomonidan taʼmirlangan. 1972—1973-yillarda masjid ta’mirlanib, kengaytiriladi, qibla tomoniga tutashtirib yana bir xonaqoh quriladi va avvalgi mexrobining ikki yonidagi devor olinib, qo‘shib yuboriladi.
Baroqxon madrasasi
tahrirBaroqxon madrasasi XVI asr ikkinchi yarmida (1531—1532) Mirzo Ulugʻbekning „Baraqxon“ laqabli nabirasi Navroʻz Ahmadxonning koʻrsatmasi bilan bunyod etilgan meʼmoriy yodgorlik. Madrasa ichida ikkita maqbara boʻlib – birinchisi Shayboniylar sulolasidan boʻlgan Toshkentning birinchi hukmdori Suyunchxoʻjaxon dafn etilgan joy ustida qad rostlagan Suyunchxoʻjaxon maqbarasi, ikkinchisi Nomsiz maqbarasi hisoblanadi. Bu maqbara Baraqxon uchun qurilgan, ammo Baraqxon keyinchalik Samarqandda dafn etilgan. Baroqxon madrasasi hujralarining eshiklari fil suyagi va rangli metallar bilan bezatilgan. Baroqxon madrasasi 1868-yili 34 hujra, bir masjid, bir darsxonadan iborat bo‘lgan. Madrasa 1886-yilgi zilziladan qattiq zarar ko‘rgan, 22 metrli gumbazi qullab tushgan[4]. 1917-yilga kelib madrasa yotoqxonaga aylantirilgan. 1936-yildan madrasa ko‘rlar jamiyati va omborxona sifatida ishlatib kelingan. Bino 2006-yilning oxirigacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi qarorgohi sifatida foydalanilgan[2].
Qaffol Shoshiy maqbarasi
tahrirQaffol shoshiy maqbarasi XVI asrda (1541—1542-yillarda) Qaffol Shoshiy maqbarasi meʼmor Gʻulom Husayn tomonidan pishiq gʻishtdan bunyod etilgan. Maqbaraga Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil Qaffol ash Shoshiy nomiga atab qurilgan[5].
Moʻyi Muborak madrasasi
tahrirMoʻyi Muborak madrasasi Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qushbegi tomonidan 1856—1857-yillarda Toshkentning Hazrati Imom mavzesida, Minglar sulolasi hukmronlik davrida pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Hozirgi kunda bu madrasada xalifa Usmon davrida (644—656) kiyik terisiga hijoz xatida yozilgan, 644—648-yillarda yaratilgan qadimiy Qur’oni Karim (Usmon Mus’hafi) saqlanmoqda. Bu muqaddas Qur’onning eng nodir qoʻlyozmalaridan hisoblanib, XIV asrda Amir Temur tomonidan Suriyadan olib kelingan[6]. Hovlining o‘rtalarida 7x6 metr o‘lchamli qabr bo‘lib, usti gumbaz hujralar bilan yopilgan. Madrasa 13 hujra va bir masjiddan iborat bo‘lgan[2].
Hazrati imom jome masjidi
tahrirHazrati imom jome masjidi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 2007-yil bunyod etilgan. 2007-yil 27-dekabrda Adliya boshqarmasi roʻyxatidan oʻtgan. Masjid „Hazrati Imom“, „Shoshiy“, „Istiqlol“ va „Namuna“ mahallalariga xizmat qiladi. Ustunsiz barpo etilgan xonaqohning uzunligi 77 metr, eni 22 metr, mehrobi bilan qoʻshib hisoblansa 24 metr keladi. Qanotlari ham boʻyiga 35 metr, eniga 25 metr. Masjid shiftiga 14 ta katta, 48 ta kichik qandil, xonaqoh shiftining oʻrtasiga shakli uzunchoq likopni eslatadigan gumbaz oʻrnatilgan. Masjidda 2 ta minora mavjud bo‘lib, o‘ng minorani xorazmlik Ibrohim va Erkin usta, chap minorani esa samarqandlik Sharif usta jamoalari tiklashadi. Minoralarning biri 26, ikkinchisi 28 kunda qurib bitkaziladi[2]. Minoralarning balandligi 52 metr tashkil etadi. Hovlidagi ayvonlarga Hindistondan keltirilgan sandal daraxtidan yasalgan, boʻyi 8,6 metrlik naqshinkor ustunlar oʻrnatilgan[7].
Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti
tahrirImom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 1969-yil tashkil etilgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga kiradi. Sovet Ittifoqi Vazirlar Kengashi huzuridagi Din ishlari boʻyicha kengashning Toshkentda oliy darajadagi madrasa ochish toʻgʻrisidagi qarori bilan qayta tiklangan. Madrasa uchun Hazrati imom dahasi (Hamza, hozirgi Zarqaynar koʻchasi, 18-berk koʻcha, 47-uy)dagi „Namozgoh“ masjidining binosi ajratilgan. 1971-yil 1-noyabrda (hijriy taqvim boʻyicha 1391-yil Ramazonning 12 kuni) oliy madrasa oʻz faoliyatini boshlagan[8].
Oliy madrasada oʻqish davri 4 yil bo‘lib, darslar oʻzbek va arab tillarida olib boriladi. Birinchi oʻquv yilida oliygohga (maʼhadga) 20 ta talaba qabul qilingan. Oʻquv dargohi ilk yillari „Oliy diniy madrasa“ (Visshaya duxovnaya shkola, ruscha: Высшая духовная школа) deb nomlangan. 1974-yilda Imom Buxoriy tavalludining 1200-yillik yubileyi munosabati bilan ushbu bilim yurtiga muhaddis nomi berildi va „Oliy maʼhad“, „Toshkent islom instituti“ deb nomlanadigan boʻldi[8].
2003-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan institut bitiruvchilariga bakalavr diplomi beriladi. 2007-yili institutning ikki qavatli yangi binosi qurildi. 2021-yilda 27 ta xonadan iborat talabalar turar joyi va 45 kishiga moʻljallangan tahoratxonani oʻz ichiga olgan 4 qavatli bino qurildi, ikki qavatli institutning asosiy binosiga 17 ta oʻquv xonalari, majlislar zali va axborot-resurs markazidan iborat uchinchi qavati ham qurildi[8].
Xalifa Usmon Qur’oni
tahrirHazrati Imom majmuasida binolardan tashqari, sharq qoʻlyozmalari kutubxonasi va xalifa Usmon Qur’oni mavjud. Qur’onda 353 ta pergament varaqlari mavjud. Dastlab Qur’on Madinada, keyin Damashq va Bagʻdodda saqlangan. Qur’onni Bagʻdoddan Samarqandga XIV asrda Amir Temur olib kelgan[6]. 1869-yilda Usmon Qur’oni Sankt-Peterburgga olib ketilgan va u yerda uning haqiqiyligi isbotlangan. Keyinchalik u yerdan Qur’on Ufaga koʻchirilgan, shundan soʻng Usmon Qur’oni Toshkentga olib kelingan va hozirgi kunga kelib Hazrati Imom majmuasida saqlanadi[9].
Toshkentda saqlanayotgan „Usmon Qur’oni“ Qur’onning bizgacha yetib kelgan yagona asl qoʻlyozmasi hisoblanadi. Buni 2000-yil 28-avgustda YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan sertifikat tasdiqlaydi[2].
Meʼmorchiligi
tahrirHazrati Imom majmuasining koʻrinishi qadimiy anʼanalar asosida yaratilgan boʻlib, majmua ikki gumbaz va ikki minoradan iborat. Oʻng minora xorazmlik Ibrohim va Erkin ustalar, chap minora samarqandlik Sharif usta hunarmandlar jamoasi tomonidan bunyod etilgan. Minoralar uzunligi 53 metrni tashkil etadi. Masjidning kirish qismida sandal daraxtidan ishlangan 20 ta ganch tushirilgan ustunli ayvon joylashgan. Gumbaz darchalarining alohida loyihalashtirilishi va quyosh nurlarining tongdan ufqqa qadar masjidni yoritib turishiga imkon yaratgan. Ikki gumbazning ichki qismi tilla suvi bilan yurgizilgan. XVI asrda majmua tarkibida sayrgoh bogʻ, ayvonlar barpo etilgan va hovuz atrofi koʻkalamzorlashtirilgan, xalq sayillari oʻtkazilgan[10].
Hazrati Imom majmuasidagi yozuvlarni Shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida Habibulloh Solih, Islombek Muhammad va Abdulgʻofur Xaqberdi kabi xattotlar bitganlar. Peshtoqlar ostida oʻng va chap tomondan masjid qanotlariga, oʻrtadan esa jome hovlisiga kiradigan oʻymakor yogʻoch darvozalar oʻrnatilgan. Masjid va ayvoni birga qoʻshib hisoblansa, besh mingdan ortiq kishini sigʻdira oladi. Xonaqohning uzunligi 77 metr, eni esa 22 metr, mehrobi bilan qoʻshib hisoblansa 24 metrga yetadi. Qanotlari boʻyiga 35, eniga 25 metrni tashkil etadi[11]. Tarixi jadidayi Toshkand asarida Muhammad Solih Hazrati imom majmuasini pishiq g‘ishtdan qurilganligini ta‘kidlab o‘tadi[12].
Tavsif
tahrir2007-yil O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov Hazrati Imom majmuasi haqida kitob yozgan. Kitobda Eski Toshkent shahri ko‘chalari, dahalari va Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati imom jome masjidi, Tillashayx masjidilari haqida ma’lumotlar keltirilgan[2].
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi arafasida, oʻzida qadimiy va zamonaviy meʼmorchilik urf-odatlarini uygʻunlashtirgan meʼmoriy yodgorliklar va Toshkent shahridagi binolar aks ketgan pochta markalari tayyorlandi[13].
Turkum kichik varaq koʻrinishida boʻlib, umumiy 8 ta pochta markalaridan iborat. Pochta markalarida jumladan, Toshkent Xalqaro biznes markazi, Senat binosi, Oliy Majlis binosi, Turkiston saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi, Baroqxon madrasasi va Buyuk ipak yoʻli xaritasi fragmenti tasvirlangan[14]. Pochta markalari turkumi 2009-yil 17-avgustdan muomalaga chiqarildi[15].
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yildagi „Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamgʻarmasini qoʻllab quvvatlash toʻgʻrisida“ PQ-587-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Hazrati Imom jamoatchilik jamgʻarmasining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 500 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratishi belgilangan[3].
Manbalar
tahrir- ↑ „Каффал аш-Шоший (903–975)“. ziyouz.uz. 2015-yil 2-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 2-iyul.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Usmonxon Alimov 2008, s. 144.
- ↑ 3,0 3,1 „Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamg‘armasini qo‘llab quvvatlash to‘g‘risida“. Lex.uz (20.02.2007-yil). Qaraldi: 10.13.2023-yil.
- ↑ A.U. Sultonov 2009, s. 151.
- ↑ „Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari. Qaffol Shoshiy“.
- ↑ 6,0 6,1 „Из Багдада во времена Тамерлана Османский Коран попал в Узбекистан“.
- ↑ O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi & 2000-2005, s. 32.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 „Бугун – Тошкент ислом институти ташкил топган кун“ (uz). muslim.uz. Qaraldi: 1-dekabr.
- ↑ „Xon saroyidagi kutubxonada saqlangan Usmon Qur’oni kitobi“.
- ↑ „Ансамбль Хазрати Имам“.
- ↑ „Hazrati Imom majmuasi me’morchiligi“. masjid.uz. Qaraldi: 10-oktyabr 2023-yil.
- ↑ A.Urinboyev, O.Buriyev 1983, s. 34.
- ↑ „“Toshkent shahrining 2200 yilligi” pochta markali turkumi.“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-oktyabr.
- ↑ „Почтовые марки, посвящённые 2200-летию города Ташкента“.
- ↑ „Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag’ishlangan pochta markalari“.
Adabiyotlar
tahrir- Usmonxon Alimov. Hazrati Imom. Toshkent: Movarounnahr, 2008 — 144-bet. ISBN 978-9943-12-105-8.
- O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi, Toshkent, 2000-2005 — 252-bet.
- A.Urinboyev, O.Buriyev. Toshkent Muhammad Solih tavsifida. Toshkent: O‘zbekiston SSR Fan Nashriyoti, 1983 — 56-bet.
- A.U. Sultonov. Muhammad Solihxo'ja va uning "Tarixi jadidayi Toshkand" asari. Toshkent: O'zbekiston, 2009 — 269-bet. ISBN 978-9943-01-077-2.