Ikkinchi Jahon urushi

1939–1945-yillarda sodir boʻlgan global harbiy toʻqnashuvlar
(II Jahon Urushidan yoʻnaltirildi)

Ikkinchi jahon urushi (1-sentyabr 1939 – 2-sentyabr 1945) – XX asrda sodir boʻlgan jahon tarixidagi eng yirik urush. Ushbu urush XX asr fojiasi sifatida insoniyat tarixiga kirgan. Gʻarb mamlakatlari (Angliya, Fransiya, AQSh) hukmron doiralarining „kelishtirish“ siyosati Avstriyani (1939-yil mart), Chexoslovakiyani (1939-yil mart) Germaniyaga qoʻshib olinishiga va Myunxen bitimiga (1939-yil sentyabr) yoʻl ochib berdi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishida SSSRning ham aybi bor. 1939-yil 23-avgustda SSSR bilan Germaniya oʻrtasida Molotov-Ribbentrop pakti 10 yil muddatga hujum qilmaslik toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Bu shartnomaning maxfiy qoʻshimcha ahdnomasiga muvofiq, Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropada oʻzlarining taʼsir doiralarini boʻlib oldilar. Har ikki mamlakat manfaatlari, avvalo, Polsha davlati bilan bogʻliq edi. Sovet tomoni Gʻarbiy Ukraina, Gʻarbiy Belorussiya va Bessarabiya (1921-yilda boy berilgan) hududlarini qaytarib olmoqchi edi. Shuningdek, Germaniya Boltiqboʻyi mamlakatlariga daʼvo qilishdan ham voz kechdi.

Ikkinchi jahon urushi

Sanalar 1-sentabr 19392-sentabr 1945
Urush yeri Yevropa, SharqiyOsiyo, Shimoliy, Shimoli-sharqiy va Gʻarbiy Afrika, Yaqin Sharq, Atlantika, Hind va Tinch okeanlari, Oʻrta Yer boʻyi.
Sabab Koʻpchilik davlatlarning siyosati; Versal-Vashington tizimining oqibatlari.
Natija Ittifoqchilar gʻalabasi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashkil topishi. SSSR kuchli davlatga aylanadi. Dunyo turli xil ijtimoiy-siyosiy tizimli ikki lager - sotsialistik va kapitalistik lagerlarga boʻlinib ketadi. Sovuq urush boshlanishi.
Raqiblar
Antanta ittifoqi:

SSSR
AQSh
Buyuk Britaniya
Fransiya
Xitoy
Polsha
Avstraliya
Kanada
Yugoslaviya
Yangi Zelandiya
va boshqalar

Hitler ittifoqi:'.

Olmoniya
Italiya
Yaponiya
Mojariston
Finlandiya
Ruminiya
Bolgariya
Chexoslovakiya
Xorvatiya
Tailand
va boshqalar

Qoʻmondonlar
Iosif Stalin

Franklin D. Roosevelt
Winston Churchill
Charles de Gaulle
Chan Kayshi
Edward Rydz-Śmigły
John Curtin
William Lion McCensy King
Pyotr II Kargeorgiyevich
Michael Joseph Savage

Adolf Hitler

Benito Mussolini
imperator Syova
Horthy Miklós
Risto Heikki
Ion Antonescu
Boris III
Jozef Tiso
Anton Pavelich
Ananda Maxidol

Yoʻqotishlar
Harbiylar:
17 milliondan kam boʻlmagan yoʻqotishlar[1][2][3][4][5]
Fuqaro shaxslar:
33 mln[manba kerak]
Umumiy halok boʻlganlar soni:
50 mln[manba kerak]
Harbiylar:
8 mln[manba kerak]
Fuqaro shaxslar:
4 mln[manba kerak]
Umumiy halok boʻlganlar soni:
12 mln[manba kerak]

Germaniya bilan SSSR shartnomaga muvofiq, Polshaga bir vaqtda qoʻshin kiritishlari kerak edi. SSSR bu majburiyatni bajarmadi. 1939-yil 1-sentyabrda Germaniyaning bir oʻzi Polshaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3-sentyabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR 1939-yil 17-sentyabrda Polsha hududiga qoʻshin kiritdi. Koʻp oʻtmay Brestda olmon qoʻmondoni T. Guderian va sovet generali S. M. Krivosheiy qoʻmondonligida Polshaning boʻlib olinishi munosabati bilan qoʻshma sovet-olmon paradi oʻtkazildi.

SSSR Ikkinchi jahon urushi bahonasida oʻz hududlarini kengaytirish va chegaralarini mustahkamlashga kirishdi. 1939-yil noyabr – 1940-yil martda SSSR bilan Finlandiya oʻrtasida harbiy toʻqnashuv boʻldi. Bundan SSSR manfaatdor edi. Oʻzaro urush natijasida SSSR Finlandiyaning bir qator hududlarini (Leningradga chegaradosh yerlar va Viborg) tortib olib, shim.gʻarbiy chegaralarini mustahkamlab oldi. 1940-yilning yozida SSSRning rasmiy talabi bilan Ruminiya Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani sovetlarga berishga majbur boʻldi. 1940-yil iyun oyida Estoniya, Latviya va Litva sovet qoʻshinlari tomonidan bosib olinib SSSRga kiritildi.

1940-yil aprel-mayda nemis fashist qoʻshinlari Daniya va Norvegiyani istilo qildi, 1940-yil 14-mayda – Niderlandiya, 28-mayda – Belgiya taslim boʻldi. Shundan soʻng fashist qoʻshinlari Lyuksemburg va Gollandiyani bosib olib, ular hududi orqali Fransiyaga (22-iyunda taslim boʻldi) bostirib kirdi.

Sovet hukumati fashistlar Germaniyasini Yevropaning navbatdagi poytaxtini bosib olishi munosabati bilan tabriklab bordi. Internatsionalning direktivalarida fashizmga qarshi targʻibotni toʻxtatish haqidagi talablar paydo boʻldi. 1940-yil 27-sentyabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya davlatlari Berlinda „uchlar ittifoqi“ni tuzish haqidagi shartnomaga imzo chekishdi. 1940-yil 28-oktyabrda fashistlar Italiyasi Gretsiyaga bostirib kirdi. 1940-yil 20-24-noyabrda Mojariston, Ruminiya va Slovakiya „uchlar ittifoqi“ga qoʻshildi. 1941-yil martda esa Bolgariyaning monarxiyafashistik hukumati ham bu ittifoq safiga koʻshilishga rozilik bildirdi.

1940-yil 18-dekabrda Gitler SSSRga qarshi urush haqidagi 21-sonli direktivasi „Barbarossa“ rejasiga imzo chekdi. Fashistlar Germaniyasi SSSRga qarshi kurash boshlashdan oldin 1941-yil 6-17-aprelda Yugoslaviyani bosib oldi. Shu yilning 13-aprelda SSSR Yaponiya bilan betaraflik haqida kelishib oldi. 1941-yil 20-may – 1-iyunda fashistlar Germaniyasi Krit orollarini egalladi. 18-iyunda esa hujum qilmaslik va hamkorlik haqida Germaniya – Turkiya shartnomasi imzolandi.

1941-yil 22-iyunda fashistlar Germaniyasi SSSRga qoʻqqisdan hujum boshladi. Aynan shu vaqtdan boshlab tarix notogʻri yozilib SSSR II jahon urushining faqat 1941-1945 davrini oladi. Mojariston, Ruminiya, Finlandiya, Italiya uning tomonidan turib urushga kirdi. Shu kuni Angliya hukumati SSSRni Germaniyaga qarshi urushda qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. 24-iyunda Franklin Roosevelt AQSH xukumati SSSRga yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi. SSSR Germaniyaga qarshi urushning 1-davri (1941-yil iyun – 1941-yil noyabr) da, asosan, mudofaa harakteridagi janglar olib bordi.

Fashistlar Germaniyasi va ittifoqchilarining tajovuzkorona harakatining tobora avj olishi jahon mamlakatlarini tashvishga soldi. 1941-yil yozida fashistlar Germaniyasiga qarshi koalitsiya tuzish yoʻlida dastlabki qadam qoʻyildi. 1941-yil 12-iyulda SSSR na Buyuk Britaniya hukumatlari fashistlar Germaniyasiga qarshi urushda birgalikda harakat qilish haqida kelishib olishdi. 1941-yil 24-sentyabrda Sh. ls Goll boshchiligida Ozod Fransiya (1942-yil iyuldan Kurashayotgan Fransiya) milliy qoʻmitasi tuzilib, fashizmga qarshi kurash boshladi. 1941-yil 5-dekabrda nemisfashist qoʻshinlarining Moskva jangidagi magʻlubiyati Gitlerning „yashin tezligidagi urush“ deb atalmish rejasini puchga chiqardi va natijada unga qarshi urushga kirgan mamlakatlar soni ortdi.

1941-yil 7-dekabrda Yaponiya Pyorl Harborga hujum qilish bilan Buyuk Britaniya va AQShga qarshi urushni boshlab yubordi. 8-dekabrda AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar Yaponiyaga, 11-dekabrda esa Germaniya va Italiya – AQShga, shu kuni AQSh fashistlar Germaniyasi va Italiyaga qarshi urush eʼlon qildi.

1941-yil oxiri – 1942-yil boshida Yaponiya Malayziya, Indoneziya, Filippin, Birmani bosib olib, Avstraliyaga tavdid sola boshladi. Sharqiy frontda esa Olmonfashist qoʻshinlari yozgi hujumlar natijasida Kavkaz boʻsagʻasiga, Volga boʻyiga yetib keldi.

1942-yil 1-yanvarda Vashingtonda 26 davlat ishtirokida fashizmga qarshi kurashuvchi davlatlarning harbiy ittifoqi tuzilib, Deklaratsiya qabul qilindi. 1942-yil 26-mayda SSSR va Buyuk Britaniya oʻrtasida fashistlar Germaniyasi va uning Yevropadagi tarafdorlariga qarshi urushda ittifoqchi boʻlish va urushdan keyin oʻzaro yordam va hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolandi. 1942-yil yoziga kelib antigitlerchi davlatlar soni yanada ortdi. 1-iyunda Meksika Germaniya, Italiya va Yaponiyaga, 22-avgustda Braziliya Germaniya va Italiyaga, 14-dekabrda Efiopiya – Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildi. Sharqda esa yapon militaristlari Gollandiya Hindistonini (12-mart), Filippin orollarini (9-iyun) qoʻlga kiritdi.

Sovet qoʻshinlari urushning 2-davri (1942-yil noyabr – 1943-yil oxiri) da Stalingrad jangi va Kursk jangilagm gʻalabalari natijasida Germaniya qoʻshinlari qoʻmondonligi strategik tashabbusni butunlay qoʻldan chiqardi. SSSRda va boshqa hududlarda qarshilik koʻrsatish harakati avj oldi. 1943-yil 13-yanvarda Gitler urushda tashabbusni yana qoʻlga olish maqsadida ommaviy safarbarlik eʼlon qildi, lekin shunga qaramasdan 1943-yil may oyiga kelib Shimoliy Afrika (qarang: Shimoliy Afrika kompaniyasi), Angliya-AQSh qoʻshinlari tomonidan ozod qilindi. 1943-yil iyul-avgust oylarida Angliya-Amerika desant qoʻshinlari Sitsiliya orolga tushirildi. 1943-yil 25-iyulda Italiyada Mussolini osib oʻldiriddi va fashistlar rejimi tugatildi. 3-sentyabrda Italiya soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi.

1943-yilga kelib fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar tobora kuchayib bordi. 1943-yil 3-iyunda Jazoirda Fransiya milliy ozodlik qoʻmitasi tuzildi. 12-13-iyulda Germaniyada Ozod Germaniya milliy qoʻmitasi tashkil qilindi. Avgust- sentyabr oylarida Bolgariya vatanparvarlari frontining milliy qoʻmitasi yuzaga keldi. 1943-yil sentyabr-oktyabr oylarida partizanlar bilan Kurashayotgan Fransiya harakati qismlari hamkorligida Korsika orol ozod etildi. 1943-yil 16-yanvarda Iroq, 7-aprelda Boliviya Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urushga kirdi. 1943-yil 13-oktyabrda Italiya oʻzining sobiq ittifoqchisi Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR, Angliya va AQSh hukumatlari Italiyani „birgalikda urushayotgan mamlakat“ deb tan oldi. 1943-yil 27-noyabrda Kolumbiya Germaniyaga qarshi urushga qoʻshildi. SSSR, AQSh va Angliya hukumat boshliqlari Tehron konferensiyasiyada Angliya – Amerika qoʻshinlarini Shimoliy Fransiyaga tushirish yoʻli bilan Yevropada ikkinchi frontni ochish gʻoyatda muhim ekanligini tan olishdi.

Fashizmga qarshi urushning 3-davri (1944-yil yanvar – 1945-yil may) boshlarida sovet qoʻshinlari SSSR hududining deyarli hammasini ozod qildi. Ittifoqchilar 1944-yil 6-iyunga kelibgina Fransiyaga oʻz qoʻshinlarini tushirib, Yevropada ikkinchi frontni ochdilar va sentyabrda Fransiya qarshilik koʻrsatish harakati kuchlarining faol ishtirokida Fransiya hududining deyarli hammasi fashist bosqinchilaridan ozod qilindi. 1944-yil 27-martda sovet qoʻshinlari Ruminiya hududiga kirib bordi. 13-martda SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlari Germaniya tomonida turib urushayotgan Mojariston, Ruminiya, Bolgariya va Finlandiyaga urushni toʻxtatish haqida murojaat qildi. Natijada bu mamlakatlarda fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar harakati faollashdi. 1944-yil mayda Ruminiyada fashizmga qarshi Birlashgan ishchilar fronti, Mojaristonda esa Vatanparvar kuchlar fronti, (2-dekabrdan Milliy mustaqillik fronti) yuzaga keldi. 21-iyulda Polshada Milliy ozodlik qoʻmitasi tashkil boʻldi.

1944-yil 25-iyulda Gitler mamlakatda „oʻta ommaviy safarbarlik“ eʼlon qildi. Gitlerning bu tadbiri ham yordam bermadi. U bosib olgan mamlakatlarda ozodlik harakatlari avj oldi. 1944-yil 1 avgust-2-oktyabrda Varshavada, 19-25-avgustda Parijda, 23-avgustda Ruminiyada, 6- 10-sentyabrda Bolgariyada fashist bosqinchilariga qarshi qurolli qoʻzgʻolonlar boʻldi. Natijada, jahon urushi maydonida kuchlar nisbati tubdan oʻzgardi. Germaniya ittifoqchilari oʻrtasida parokandalik boshlandi. 1944-yil 26-yanvarda Liberiya, 24-avgustda Ruminiya, 15-sentyabrda Finlandiya, 28-dekabrda Mojariston, 1945-yil fevralda Peru, Urugvay, Venesuela, Turkiya, Misr, Livan, Suriya, Saudiya Arabistoni, Paragvay, Ekvador, Chili kabi mamlakatlar, 27-martda esa Argentina fashistlar Germaniyasi va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildilar.

Sovet qoʻshinlari 1944-yil oʻrtalarida Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlarini vatanparvar kuchlar yordamida ozod qilishga kirishdi. Shu yili ittifoqchi qoʻshinlar Shimoliy Italiyani va Gʻarbiy Germaniyaning bir qator rayonlarini ozod qildi. 1945-yil 4-11-fevralda SSSR, AQSh va Angliya davlat rahbarlari ishtirokida boʻlgan Qrim (Yalta) konferensiyasida, Germaniyani batamom tor-mor qilish rejalari, shuningdek, dunyoning urushdan keyingi siyosiy tuzilishi masalalari xususida kelishib olindi.

Amerika-Angliya qurolli kuchlari Tinch okeanidagi Marshall va Mariana orollarini (1944), Filippinni va Yaponiyaning Okinava orolni (1945) egalladi. 1945-yil 25-aprelda sovet va Amerika qoʻshinlari Elbada uchrashdi. 3-mayda Angliya qoʻshinlari Birma qarshilik harakati kuchlari bilan hamkorlikda poytaxt – Rangunni ozod qildi.

1945-yil 2-mayda Sovet qoʻshinlari Berlinni ishgʻol qildi. A. Gitler oʻzini oʻldirdi. 8-mayda Berlin yaqinidagi Karlsxorstda Germaniya oliy qoʻmondonligi vakillari fashistlar Germaniyasining Ikkinchi jahon urushida soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. 9-mayda sovet qoʻshinlari, chex qarshilik harakati kuchlari ishtirokida Chexoslovakiyaning poytaxti Pragani ozod qildi.

SSSR, AQSh va Angliya hukumatlari boshliklarining Berlin konferensiyasi, asosan, Germaniya masalasi, uning keyingi taqdiri va taraqqiyot yoʻli, uni demilitarizatsiyalash va demokratiyalash masalasi koʻrildi. Konferensiyada SSSR hukumati Yaponiyaga qarshi ittifokchilar bilan birgalikda urushga kirishini yana bir bor taʼkidladi. AQShning havo kuchlari harbiy zaruriyat yoʻqligiga qaramay Yaponiyaning Xirosima (1945-yil 6-avgust) va Nagasaki (9-avgust) shaharlariga atom bombalari tashladi. Buning natijasida har ikki shahar aholisidan 102 mingga yaqin kishi halok boʻldi, 16 ming kishi bedarak ketdi, 61 ming kishi yarador va 324 ming kishi kuchli radiatsiya bilan zaharlandi.

1945-yil 8-avgustda SSSR olgan majburiyatiga binoan Yaponiyaga urush eʼlon qildi va 9-avgustda unga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. SSSR bilan birgalikda, 10-avgustda Mongoliya Xalq Respublikasi (MXR), 11-avgustda Xitoy xalq ozodlik armiyasi yapon bosqinchilariga qarshi urushga kirishdi.

Manjuriyadagi yapon qoʻshinlari sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilingach, Yaponiya 1945-yil 2-sentyabrda soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga qoʻl qoʻydi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi.

Nyurnberg sud jarayoni (1945-yil 20-noyabr – 1946-yil 1-oktyabr)da natsist harbiy jinoyatchilari ustidan xalqaro sud oʻtkazilib, unda 20 kishi: G. Gering (u oʻzini oʻldirdi), V. Keytel, E. Kaltenbrunner, I. Ribbentrop, G. Gess va boshqa adolatli jazolandi. Fashistik tashkilotlar: Natsional-sotsialistik partiya (natsistlar), Gestapo, SS, SD, butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyatchi tashkilotlar deb eʼlon qilindi. Nyurnbergda boʻlib oʻtgan bu xalqaro sud Ikkinchi jahon urushiga soʻnggi nuqtani qoʻydi.

Ikkinchi jahon urushi.ga 72 davlat jalb etildi. Urushda ishtirok qilgan mamlakatlarning 110 million aholisi unga safarbar etildi. Harbiy qarakatlar 40 davlat hududida boʻlib oʻtdi, barcha harajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 million kishi (shu jumladan 27 million SSSR fuqarosi) halok boʻldi.

1941-yil 22-iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, SSSR tarkibida boʻlgan Oʻzbekiston xalqlari ham bu urush girdobiga majburan tortilgan edi. Oʻsha kuni mamlakatda harbiy holat joriy etildi.

Gitlerchilarning Sharqqa doir harbiy rejalarida SSSRni qisqa muddatli kompaniya jarayonida magʻlub qilish va urushni 1941-yil kuzida tamomlash moʻljallangan edi. Yashin tezligida boshlangan urush sovet rahbariyatida sarosimani yuzaga keltirdi. 29-iyundagina Xalq Komissarlari Soveti (XKS) nomidan joylarga koʻrsatmalar yuboriddi. I. V. Stalin faqat 3-iyuldagina xalqqa murojaat bilan chiqdi.

1941-yil 30-iyunda Davlat mudofaa qoʻmitasi (DMQ) tuzildi. Uning raisi I. V. Stalin 8-avgustda SSSR Qurolli kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni lavozimini egalladi. Urushning dastlabki kunlari mamlakatning barcha iqtisodiymaʼnaviy kuchlarini zudlik bilan mudofaa manfaatlariga boʻysundirish, xalq xoʻjaligini toʻliq harbiy izga solish lozimligi xususida qarorlar, koʻrsatmalar qabul qilindi.

Urush davrining musibatlarini oʻz boshidan kechirgan kishilarning xotiralaridan maʼlum boʻlishicha, odamlar oʻsha vaqtda sovet rejimini himoya qilish zaruriyati haqida kam oʻylar edilar. Xalqning aksariyat qismi mustabid tuzumni qoralar edi. Chunki, xalqning xotirasidan hali Turkiston Muxtoriyatinij qonga belanganligi, istiqlolchilik harakatining zoʻravonlik bilan bostirilishi, diniy eʼtiqod uchun taʼqib qilishlar esdan chiqmagandi. Jamoalashtirishning stalincha zoʻravonlik bilan amalga oshirilishi natijasida yuz bergan jinoyatlar xotiradan koʻtarilmagan edi. Mustabid tuzumning ommaviy qatagʻonlaridan qolgan yaralar hali bitmagan edi. Biroq, oʻzbek xalqining fashizmga boʻlgan nafrati mustabid tuzum yetkazgan gʻam-alamni orqa oʻringa surib qoʻydi va u dushmanga qarshi otlandi. Shuningdek, mustabid tuzumning „mafkura mashinasi“ ham benuqson ishladi – u SSSR tarkibidagi barcha mustamlaka xalqlarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qila oldi. Oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtirokining axloqiy-maʼnaviy jihatdan asosi shundaki, bu urushda oʻzbek xalqi fashizmdan faqat SSSRnigina emas, eng avvalo, Oʻzbekistonni himoya qilishni, uni yana bir bosqinchidan saqlab qolishni maqsad qilib qoʻygan edi.

Sovet-olmon urushi boshlangʻich davrining eng murakkab vazifalaridan biri iqtisodiyotni harbiy izga solish edi. Bu masʼuliyatli vazifani SSSRning qariyb 40 % aholisi istiqomat qiladigan, koʻmirning 63 % qazib olinadigan, poʻlatning 50 % ishlab chiqariladigan, donning 38 % yetishtiriladigan, ayniqsa, koʻpgina mudofaa korxonalari joylashgan hududni fashistlar bosib olgan bir paytda hal qilish kerak edi. Front yaqinidagi hududlardan mamlakat ichkarisiga koʻchirilayotgan aholi, sanoat korxonalari, oʻquv-yurtlari va boshqaning koʻpchiligi Oʻzbekistonga yuborildi. Chunonchi, Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga evakuatsiya qilingan 308 sanoat korxonasining 104 tasi („Lentekstilmash“, „Rostselmash“, „Krasniy Aksay“, Moskvadagi „Elektrokabel“ va „Podʼyemnik“, Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi, „Krasniy put“, Kiyev „Transsignal“ zavodlari, Stalingrad kimyo kombinati va b.), 30 dan ortiq harbiy gospital, harbiy artilleriya (toʻpchi) akademiya, bir necha harbiy bilim yurtlari koʻchib keldi.

Rossiya hududidan turli millatga mansub 200 ga yaqin yozuvchi va shoirlar (mas, A. Axmatova, A. Tolstoy, V. Yan, M. Shaginyan va b.) Toshkentga koʻchib kelib, shu yerda ijod qildilar. Rossiya, Ukraina va Belorussiyaning fashistlar bosib olgan hududlaridan 1 milliondan ortiq kishi, jumladan 200 ming bola Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinib, ularga 135 ming kv.m hajmda uy-joy ajratib berildi. Koʻpgina oʻzbek oilalari ikkita va undan ortiq yetim bolalarni oʻz tarbiyalariga (jumladan, Sh. Shomahmudovlar oilasi – 14, H. Samadovlar oilasi – 12, M. Joʻrayeva va Ashurxoʻjayevlar oilasi 8 tadan bolalarni oʻz tarbiyalariga oldilar. 1943-yil oxiriga kelib shaharlarda 4672 bola, qishloqlarda esa 870 bola oʻzbek oilalari tomonidan tarbiyaga olinib, ularga xaqiqiy insonparvarlik va mehr-shafqat namunasi koʻrsatildi. Oʻsha davr bilan hozirgi vaqtni solishtirganda odamlar ancha mehribon, urush boʻlishiga qaramasdan, oziq-ovqatlar tanqisligi muammosi bor davrda odamlar yetim boshini silashgan va oʻz uyidan toʻridan joy bergan. Uyda bir dona krovat boʻlsa oʻshanda asrab olingan bola yotgan, qolganlar yerda yotgan.

Oʻzbekistonga koʻchirib keltirilgan sanoat korxonalari nihoyatda qisqa muddatda ishga tushirildi. 1941-yil dekabrda evakuatsiya qilingan korxonalarning qariyb 50 tasi, 1942-yil 1-yanvarda esa barchasi qayta qurilib toʻla quvvat bilan mahsulot bera boshladi. Bu harbiy korxonalarni ishga tushirishga shaharliklardan tashqari qariyb 500 ming kolxozchi dehqonlar jalb qilindi. Korxonalarni harbiy izga oʻtkazish harbiy kommunistik usulda amalga oshirildi: 1941-yil 26-iyundan boshlab mamlakatda ishchilar va xizmatchilar uchun ishdan tashqari vaqtda majburiy ishlab berish, katta yoshdagilar uchun xaftada 6 kunlik ish joriy etildi, ish vaqti 11 soatgacha uzaytirildi, taʼtilga chiqish bekor qilindi. Idora xizmatchilari, uy bekalari, oʻquvchilar ishlab chiqarishga jalb qilindi. Agar 1940-yilda sanoat ishchilari orasida xotin-qizlar salmogʻi 34 %ni tashkil qilgan boʻlsa, 1942-yilda bu koʻrsatkich 63,5 % ga yetdi. Mehnat intizomini buzganlar uchun jazo choralari keskin qoʻyildi. Korxonalardan oʻzboshimchalik bilan ketib qolganlar 5 yildan 8 yilgacha muddatga qamoqqa hukm qilindi. 1941-yil dekabrda Oʻzbekiston sanoat korxonalaridan 230 tasi (birgina Toshkentda 63 korxona) harbiy izga koʻchirilib, front uchun qurol-yarogʻ ishlab chiqarishga kirishdi.

Oʻzbekistonda harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoatning oʻsishi va rivojlanishi bilan birga xom ashyo va yoqilgʻi-energetika bazasini kengaytirish vazifasi ham keskin boʻlib turdi. Ayniqsa, rangli metallarga, neft va koʻmirga boʻlgan ehtiyoj kuchaydi. 1942-yilda Langar molibden koni zaminida molibden fabrikasi barpo etildi. Qoʻytosh va Qoratepa rangli metallar konining quvvati keskin oshirildi. Olmaliqda mis va b. rangli metallarning boy konlari topildi. Angren koʻmir koni respublikaning birinchi koʻmir markaziga aylandi. 1942-yil boshlarida l-Oqtepa va Z-Oqqovoq GESlari, shuningdek, Farhod GES umumxalq hashari bilan bunyod etilishi respublikada front ehtiyojlari uchun ishlayotgan sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda muhim rol oʻynadi.

Oʻzbekistonda urush yillarida 280 ta yangi korxona barpo etildi. Respublikaning sanoat potensiali 1945-yilga kelib 1940-yildagiga nisbatan deyarli 2 barobar koʻpaydi, neft qazib olish 4 barobardan ziyod, metall ishlash tarmoqlari mahsulotlari 4,8 barobar, mashinasozlik mahsulotlari 13,4 barobar, koʻmir qazib chiqarish 30 barobardan koʻproq, poʻlat va prokat eritish 2 barobar, elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,42 marta ortdi. Buning natijasida Oʻzbekiston urush yillarida front uchun 2100 ta samolyot, 17342 ta aviamotor, 2318 ming dona aviabomba, 17100 taminomyot, 4500 birlikdan iborat minalarni yoʻq qiluvchi qurol, 60 mingga yaqin harbiy-kimyoviy apparatura, 22 million dona mina va 560 ming dona snaryad, 1 million dona granata, dala radiostansiyalari uchun 3 million radio lampa, 330 mingga parashut, 18 ta harbiy-sanitariya va hammom kir yuvish poyezdi, 2200 ta Koʻchma oshxona va koʻpgina harbiy anjomlar yetkazib berish imkoniga ega boʻldi. Respublika yengil sanoat komissarligi korxonalari 1941—1945-yillar mobaynida jangchilar uchun 7518,8 mingta gimnastyorka, 2636,7 mingta paxtali nimcha, 2861,5 mingta armiya etigi tayyorlab berdi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi qoʻlga qurol olib jang qilgan oʻzbekistonlik jangchilarning umumiy tarkibidan 263000 dan ziyod kishi halok boʻldi, 132670 kishi bedarak yoʻqoldi, 60452 vatandoshimiz urushdan nogiron boʻlib qaytdi. Shuningdek, un minglab oʻzbekistonlik jangchilar asirlikda boʻldi. Mustabid tuzum ular bilan „ochiqchasiga“ gaplashdi. Demak, frontga safarbar qilinganlarning xar uchtasidan bittasi uyiga qaytmadi. Umuman, SSSR boʻyicha urush davrida fashistlar qoʻlida 6,2 million kishi asirlikda boʻlgan. Urush oxiriga kelib ulardan 4 million kishi halok boʻlgan. Omon qolgan asrlar soni 1 milliondan sal koʻproq edi. Ulardan 60 % dan koʻprogʻi GULAG qamoqxonalariga tashlandi. Aybsiz surgun qilinib, sovet konslagerlariga joʻnatilgan yoki otib tashlanganlar orasida Oʻzbekistonliklar ham oz emasdi. taxminan hisoblarga qaraganda, oʻzbekistonlik harbiy asirlardan 15 mingdan ortigʻi sovet konslagerlariga yuborilgan. Ikkinchi jahon urushidagi bu gʻalaba millionlab begunoh kishilarning, jumladan, Oʻzbekiston xalqining qoni, haddan ziyod mashaqqatli mehnati va uning buyuk insonparvarligi tufayli qoʻlga kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, 35 jildli Xotira kitobi tayyorlanib, nashr qilindi. Toshkentdagi Mustaqillik maydoni xiyobonida maxsus majmua qurildi (2000). 9-may – kuni yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida har yili nishonlanadigan boʻldi[6]. Buni gʻalaba kuni sifatida nishonlash notoʻgri boʻladi. Chunki bu bu urushda juda koʻp qurbon berilgan va qon bilan yutilgan.

Qatnashchilar

tahrir

Ikkinchi jahon urushida 61 ta davlat qatnashgan (47 tasi aksihitler ittifoqining tarafida va 14 tasi Oʻq mamlakatlari tarafida). Ulardan ayrimlari faol harbiy harakatlarni olib borishardi, boshqalari oʻz ittifoqdoshlariga oziq-ovqat yetkazib berardi, koʻpchilik esa urushda faqat nominal holda ishtirok ishtirok etardilar.

Aksihitler ittifoqiga quyidagilar kirardilar: SSSR (1941-yildan), AQSh (1941-yil, 7-dekabrdan), Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Polsha, Avstraliya, Kanada, Yugoslaviya, Niderlandlar, Norvegiya, Yangi Zelandiya, Janubiy Afrika Ittifoqi, Chexoslovakiya, Belgiya, Yunoniston, Efiopiya, Daniya, Braziliya, Meksika, Moʻgʻuliston, Luksemburg, Nepal, Panama, Argentina, Chili, Kuba, Peru, Gvatemala, Kolumbiya, Kosta Rika, Dominika Respublikasi, Albaniya, Gonduras, Salvador, Gaiti, Paragvay, Ekvador, San Marino, Turkiya, Urugvay, Venesuela, Livan, Saudiya Arabistoni, Nikaragua, Liberiya, Boliviya. Urush davrida ularga fashist blokidan chiqqan bir necha davlat qoʻshildi: Eron (1941-yildan), Iroq (1943-yildan), Italiya (1943-yildan), Ruminiya (1944-yildan), Bolgariya (1944-yildan), Mojariston (1945-yili), Finlandiya (1945-yili).

Boshqa tarafdan urushda Oʻq davlatlari: Germaniya, Italiya (1943-yilgacha), Yaponiya, Finlandiya (1944-yilgacha), Bolgariya (1944-yilgacha), Ruminiya (1944-yilgacha), Mojariston (1945-yilgacha), Slovakiya, Tailand (Siam), Iroq (1941-yilgacha), Manchjou-Go, Xorvatiya, Serbiya. Bosib olingan mamlakatlar hududida fashist ittifoqiga qoʻshilgan marionetkaviy davlatlar yaratilar edi: Vishi Fransiyasi, Salo respublikasi, Albaniya, Chernogoriya, Ichki Moʻgʻuliston, Birma, Fillipinlar, Vyetnam, Kambodja, Laos. Shuningdek, Germaniya va Yaponiya tarafida qarshilik koʻrsatayotgan tarafning fuqarolaridan yaratilgan koʻpgina kollaboratsion qoʻshinlar jang qilardi: ROA, RONA, SSning xorijiy diviziyalari (rus, ukrain, eston, latish, dat, belgiyalik, fransuz, alban), "Ozod Hindiston". Shuningdek, Oʻq davlatlari qurolli kuchlari tarkibida rasman neytral qolayotgan davlatlarning ixtiyoriy kuchlari bor edi: Ispaniya (Havorang diviziya), Shvetsiya va Portugaliya.

Hududlar

tahrir

Barcha harbiy harakatlarni 5ta harbiy harakatlar teatriga boʻlish mumkin.

Urushning birinchi davri (sentyabr 1939-iyun 1941)

tahrir

Polshaga bostirib kirilishi

tahrir
 
Glayvitsdagi radiostansiya
 
Bromberg vayronasi

1939-yil, 23-may kuni Hitler kabinetida yuqori lavozimli ofitserlar ishtirokida majlis boʻlib oʻtadi. Bunda Polsha muammosi Gʻarb bilan ziddiyatga aylanishi mumkinligi qayd etiladi. Germaniya tashqi siyosatining birinchi vazifasi sifatida Sharqqa qarab oʻz hukmronlik doirasini yoyish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishni kafolatlash va Sharq tomonidan tahdidni bartaraf etish qoʻyiladi. Polsha qulay vaziyat tugʻilishi bilan bosib olinishi shart boʻladi.

31-avgust kuni Germaniya matbuoti „… payshanba kuni soat tahminan 20 larda Glayvitsdagi radiostansiya binosi polyaklar bilan bosib olindi.“ deya xabar beradi.
1-sentyabr soat 4:45 da Dansigga doʻstlik tashrifi bilan buyurgan „Shlezvig-Golshteyn“ nemis oʻquv kemasi Vesterplyattdagi Polsha harbiy tuzilmalariga qarata oʻq ochadi. Ikki jahon urushi boshlanadi[7].

1-sentyabr kuni harbiylar formasini kiygan Hitler Reyxstagda nutq soʻzladi. Polshaga boʻlgan bosqinni oqlash uchun Hitler Glayvitsdagi mojaroni sabab qiladi. Bunda u Polshaga ittifoqdosh boʻlgan Angliya va Fransiyaga bilan toʻqnashuvga uchramaslik uchun iloji boricha „urush“ atamasini ishlatmaslikka urinadi. U chiqargan buyruqda faqatgina Polsha zoʻravonligiga nisbatan koʻrilgan „faol himoya“ haqida yozilgan edi.
Shu kunning oʻzida Angliya va Fransiya urush eʼlon qilish tahdidi ostida nemis qoʻshinlarining Polsha hududidan zudlik bilan chiqarilishini talab qiladilar. Fashist Mussolini polyak muammosini tinchlik bilan hal etish uchun konferensiya chaqirishni taklif qiladi. Lekin Hitler buni rad etadi.[8].

1-sentyabr kuni Sovet Ittifoqida umumbashar harbiy chaqiriq eʼlon qilindi. Bunda chaqiriq yoshi 21 dan 19 yoshgacha, ayrim turkumlar uchun esa 18 yoshgacha tushiriladi. Ushbu qonun chiqarilishi bilan kuchga kiradi. Qisqa muddat ichida armiyaning son jihatdan tarkibi 5 million kishiga yetadi, bu umumiy aholi sonining 3 % ini tashkil etadi.

1939-yil 1-sentyabrda Germaniya qurolli kuchlari Polshaga bostirib kiradilar. Jangda Germaniya tarafida yana Slovakiya qoʻshinlari ham ishtirok etadi.

3-sentyabr soat 9 da Angliya, soat 12:20 da esa Fransiya hamda Avstraliya va Yangi Zelandiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qiladilar. Bir necha kun ichida ular qatoriga Kanada, Nyufaundlend, Janubiy Afrika Ittifoqi va Nepal qoʻshiladi. Ikkinchi jahon urushi shu tariqa boshlanadi.

3-sentyabr kuni Versal shartnomasiga koʻra Polsha tarkibiga oʻtgan Sharqiy Prussiya shahri Brombergda ushbu urush tarixidagi millat koʻrsatkichi boʻyicha eng dastlabki ommaviy qirgʻin boshlanadi. Aholining 3/4 qismi nemislardan iborat boʻlgan shaharda 1100 kishi polyaklar tomonidan qirgʻin qilinadi. Bu mojaro ushbu oy ichida davom etgan vayronagalarchiliklardan eng soʻnggisi edi[9].

Nemis qoʻshinlarining hujumi reja asosida borayotgan edi. Polsha kuchlari nemis tanklari va luftvaffesiga nisbatan juda kuchsiz edi.

5-sentyabr kuni AQSh va Yaponiya Yevropa urushida oʻzining betaraf ekanligini eʼlon qiladilar[10].

Gʻarbiy frontda ittifoqdosh ingliz-fransuz qoʻshinlari hech qanday faol harakat olib bormaydilar (G'alati urush maqolasini qarang). Dengizda esa urush jadal tus oladi: 3-sentyabrni oʻzidayoq nemis U-30 suvosti kemasi hech qanday ogohlantirishlarsiz ingliz yoʻlovchi layneri "Ateniya"ga hujum qiladi.

Polshada janglarning birinchi haftasida nemis qoʻshinlari bir necha joydan polyaklar frontini kesib oʻtib, Mazoviyaning bir qismini, gʻarbiy Prussiyani, Yuqori-Silez sanoat tumanini hamda gʻarbiy Galitsiyani egallaydilar. 9-sentyabrga kelib nemislar butun front boʻylab Polsha qarshiligini yengadilar va Varshavaga yetadilar.

10-sentyabrda polyak bosh qoʻmondoni Edward Rydz-Śmigły janubi-sharqiy Polsha tomon ortga chekinish haqida qaror beradi, ammo uning qoʻshinlarining asosiy qismi Visla ortiga oʻtishga ulgurmay, harbiy oʻramaga tushadi. Sentabr oʻrtalariga kelib, gʻarbdan madad olmagani sababli, Polsha qurolli kuchlari yagona birlik sifatida mavjudligini toʻxtatadilar; faqatgina joylardagi qashi kuch markazlari saqlanib qoladi.

16-sentyabrda Polshaning SSSRdagi elchisiga Polyak davlati endi mavjud emasligi sababli, Sovet Ittifoqi Gʻarbiy Ukraina va Gʻarbiy Belorussiya aholisini himoyasi ostiga olishi kerakligi haqida aytiladi.

17-sentyabrda Hitler bilan kelishtirib olingan rejaga asosan ertalab soat 6 da sovet qoʻshinlari ikki harbiy guruh tarkibida davlat chegarasini kesib oʻtadilar. Vilno, Grodno va Belostokka hujum qilayotgan belorus frontini general Kovalyov boshqaradi. Ukraina frontini esa Lemberg (Lvov)ga bostirib kirayotgan marshal Timoshenko boshqarar edi. Oʻsha kunning kechasi Polsha hukumati va bosh qoʻmondonlik Ruminiyaga koʻchib oʻtadi.

Sovet hukumati: „Polshaning sharqiy tumanlarida yashovchi ukrain va belorus xalqini nemis agressiyasidan himoya qilish uchun qoʻshinlar yuborishi“, – haqida eʼlon qiladi. 19-sentyabr kuni Qizil Armiya Vilnoni, 20-sentyabrda Grodno va Lvovni egallaydi, 23-sentyabrda Bug daryosiga yetib boradi.

SSSRning bostirib kirishidan oldin, Guderianning 19-tank korpusi (Germaniya) Sharqiy Prussiya tarafidan kelib, Brestni ishgʻol qiladi. General Plisovskiy boshchiligidagi polyak qurolli kuchlari yana bir necha kun davomida Brest qal'asini himoya qiladilar. 17-sentyabrga oʻtar kechasi uning himoyachilari kelishilgan ravishda fortlarni tark etib, Bug daryosi ortiga oʻtadilar.

28-sentyabr kuni nemislar Varshavani, 30-sentyabrda Modlinni, 2-oktyabrda Xelni egallaydilar. 6-oktyabr kuni Polsha armiyasining soʻnggi kuchlari kapitulyatsiya qiladi. Avvalgi Polsha hududida nemis va sovet qurolli kuchlari oʻrtasida chegara chizigʻi aniqlaniladi.

Gʻarbiy Polsha yerlarining bir qismi Uchinchi reyx tarkibiga oʻtadi. Bu yerlar „olmonlashtirish“ga uchrashi kerak boʻladi. Polyaklar va yahudiylar Polshaning markaziy tumanlariga surgun qilinadilar. Qolgan hududlarda general-gubernatorlik tashkil etilib, u yerda polyak xalqiga nisbatan ommaviy qirgʻinlar oʻtkaziladi. Gettoga yigʻilgan yahudiylar ogʻir holatga tushadi.

SSSRga oʻtgan hududlar Ukraina SSRi, Belorussiya SSRi va Litva tarkibiga kiritiladi. Bu yerda sovet hukumati oʻrnatilib, sotsialistik oʻzgartirishlar amalga oshiriladi (sanoatning milliylashtirilishi, jamoaviy dehqonchilik), sobiq „hukmron sinfi“ – burjuaziya vakillari, pomeshchiklar, badavlat dehqonlar, ayrim ziyolilar surgun qilinib, repressiyalarga uchraydi.

1939-yil 6-oktyabrda Hitler kelishmovchiliklarni barataraf etish maqsadida barcha yirik mamlakatlar ishtirokida tinchlik konferensiyasini oʻtkazish taklifi bilan chiqadi. Fransiya va Buyuk Britaniya nemislar zudlik bilan oʻz askarlarini Polsha va Chexiyadan chiqarib, mustaqilligini qaytarishsagina bu konferensiyada ishtirok etish uchun rozilik berishi haqida aytadilar. Germaniya bu talablarni rad qiladi va oqibatda tinchlik konferensiyasi amalga oshmaydi. Nemis qoʻmondonchiligi Gʻarbga qarab yurishga tayyorlana boshlaydi.

Atlantika uchun kurash

tahrir
 
La-Plata koʻrfazida choʻkayotgan "Admiral Graf Spee" linkori yonmoqda.

Tinchlik konferensiyasida qatnashishdan bosh tortgan Buyuk Britaniya va Fransiya 1939-yil sentyabridan to 1940-yilning apreligacha passiv urushni qoʻllab, hech qanday hujum harakatlarini amalga oshirmaydilar. Faol janglar faqatgina dengizda boʻlib oʻtadi. Urushgacha boʻlgan paytda nemis qoʻmondonligi Atlantika okeaniga 2 ta zirhli katta harbiy kema va 18 ta suvosti kemalarini yuboradi. Urush boshlanganidan soʻng ushbu kemalar Buyuk Britaniya va unga ittifoqdosh boʻlgan davlatlarning savdo kemalariga hujum qila boshlaydilar. 1939-yilning sentyabridan dekabrgacha boʻlgan davr ichida Buyuk Britaniya nemis suvosti kemalarining zarbalari natijasida 114 ta kemadan, 1940-yili esa 471 ta kemadan ayriladi, nemislarning esa 1939-yildagi yoʻqotishlari atigi 9 suvosti kemasini tashkil etadi. Buyuk Britaniyaning dengizdagi aloqalariga boʻlgan zarbalar 1941-yilning yoziga kelib britan savdo flotining 1/3 qismini yoʻqotilishiga olib keladi va mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddy xavf tugʻdiradi.

Sovet-fin urushi

tahrir
 
SSSR egallagan hududlar

1938—1939-yillardagi sovet-fin muzokaralari davomida SSSR Kareliya bo'yinining bir qismiga ikki baravar hajmli hududni berishni hamda bir qancha orollar va Xanko (Gangut) yarimorolini harbiy baza sifatida ijaraga berishni taklif qiladi. Finlandiya oʻz hududini boy berishni va harbiy majburiyatlar olishni istamay, savdo-sotiq boʻyicha kelishuvni imzolash va Aland orollarining remilitarizatsiyasi taklifini beradi.

Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH davlatlarining bosimi tufayli ushbu muzokaralar toʻxtaydi va 1939-yilning 30-noyabrida SSSR Finlandiyaga bostirib kiradi. 1939-yil 14-dekabrda SSSR urush boshlagani sababli Millatlar ligasidan chetlashtiriladi. SSSRni Millatlar ligasi safidan chetlashtirish davomida Ligaga kirgan 52 davlatdan 12 tasi ushbu konferensiyaga oʻz vakillarini umuman yubormaydilar, 11 tasi esa SSSR chetlashtirilishiga qarshi chiqadilar. Aytib oʻtilgan 11 ta davlat ichida – Shvetsiya, Norvegiya va Daniya davlatlari ham boʻlgan.

Dekabrdan to fevral oyigacha sovet qoʻshinlari Mannerheim chizig'ini yorib oʻtishga harakat qiladilar, lekin muvaffaqiyatga erisha olmaydilar. Mannerheim chizigʻida Finlandiya piyoda askarlarining 15 diviziyasiga qarshi sovet mergan askarlarining 15 diviziyasi toʻqnashadilar.

Buyuk Britaniya va Fransiya Skandinaviya yarimoroliga desant tushirishga qaror qiladilar. Bu qaror bilan ular shvedlarning temir ruda konini Germaniya egallashiga yoʻl qoʻymaslikni hamda Finlandiya himoyasi uchun askarlar yuborish yoʻlini koʻzlaydilar. Ammo, Shvetsiya va Norvegiya betaraflikni saqlab qolish maqsadida oʻz hududida ingliz va fransuz askarlarini qabul qilishga rozi boʻlmaydilar. 1940-yilning 16-fevralida Britaniya esminetslari Norvegiyaning suvdagi hududlarida „Altmark“ nomli nemis kemasiga hujum qiladilar. 1-mart kuni Skandinaviya davlatlarining betarafligida manfaatdor boʻlgan Hitler Daniya va Norvegiyani bosib olish (Weserübung operatsiyasi) haqidagi koʻrsatmani imzolaydi.

1940-yil mart oyining boshida sovet qoʻshinlari Mannerheim chizigʻini yorishga muvaffaq boʻlib, Viborg shahrini egallaydilar. 1940-yil 13-martda Moskvada Finlandiya va SSSR oʻrtasida tinchlik haqidagi kelishuv imzolanadi. Bu kelishuvga muvofiq SSSRning barcha talablari qondiriladi: Kareliya boʻyinidagi chegara shimoli-gʻarbiy tomon 150 km ga suriladi va Fin boʻgʻozidagi bir nechta orollar SSSR tasarrufiga oʻtadi. Finlandiya Ikkinchi jahon urushida oʻz betarafligini saqlaydi[11].

Urushning tugatilishiga qaramay ingliz-fransuz qoʻmondonligi Norvegiyada harbiy operatsiya rejasini ishlab chiqishda davom etadi, ammo nemislar ulardan ilgarilab ketadilar.

Sovet-fin urushi mobaynida finlar tarafidan Molotov aralashmasi kashf etiladi.

Yevropa blitskrigi

tahrir
 
Norvegiya qirgʻogʻi yaqinida dengizdagi jang. 10-aprel 1940

1940-yil 9-aprelda Germaniya Daniya va Norvegiyaga bostirib kiradi.

Nemislar dengiz va havodagi kuchlari vositasida Daniyaning eng muhim shaharlarini hech qanday qarshiliklarsiz egallaydilar va bir necha soat davomida butun dat aviatsiyasini yoʻq qiladilar. Tinch aholini bombardimon qilish tahdidi ostida Daniya qiroli Christian X taslim boʻladi va armiyasini ortga suradi.

Norvegiyada nemislar 9-10-aprel kunlari Oslo, Tronxeym, Bergen, Narvik kabi eng asosiy portlarini egallaydilar. 14-aprelda ingliz-fransuz desanti Narvik shahri ostida, 16-aprelda Namsusda, 17-aprelda Ondalsnesda tushiriladi. 19-aprelda ittifoqdoshlar armiyasi Tronxeym tomon yuradi, ammo muvaffaqqiyatsizlikka uchrab, may oyining boshlarida markaziy Norvegiyadan ortga chekinishga majbur boʻladilar. Iyun boshlaridagi Narvik uchun qator janglardan soʻng ular shimoldan ham chekinadilar. 1940-yilning 10-iyunida Norvegiya armiyasining soʻnggi kuchlari taslim boʻladi. Endi mamlakat nemis okkupatsion boshchiligi (reyxskomissariat) qoʻli ostiga oʻtadi; bu vaqtda Daniya nemis protektorchiligi etib eʼlon qilinib, qisman mustaqilligini saqlab qoladi.

Germaniya bilan bir payt oʻzida Daniyaga britan va amerika qoʻshinlari hujum qiladi va uning dengizorti hududlari – Farer orollari, Islandiya, Grenlandiyani bosib oladilar.

 
Nemislarning bombardimonidan soʻng Rotterdam markazi.

1940-yilning 10-mayida Germaniya 135 ta diviziya kuchi bilan Belgiya, Niderlandlar va Luksemburgga bostirib kiradi. ittifoqdosh armiyalarning 1-guruhi Belgiya hududi tomon yoʻl oladi, ammo gollandlarga yordam berishga ulgurmaydi, chunki nemislarning "B" guruh armiyalari janubiy Gollandiyaga keskin tashlanadi va 12-mayning oʻzida Rotterdamni egallaydi. 15-mayda Niderlandlar oʻz kapitulyatsiyasi haqida eʼlon qiladi.

10-may kuni nemis desantchilari Belgiyada Alberta kanali ustidagi koʻpriklarni egallaydilar, bu nemis tank kuchlariga Belgiya tekisligi tomon oʻtishga imkon beradi. 17-mayda Brussel taslim boʻladi.

Ammo, eng katta zarbani "A" guruh armiyalari beradi. Guderianning uchta tank diviziyasi 10-mayda Luksemburgni egallab, janubiy Ardenlarni kesib oʻtadi va 14-may kuni Maas daryosidan oʻtadilar. Shu paytning oʻzida Hermann Hothning tankli korpusi shimoliy Ardenlardan oʻtadi va 13-mayda Maas daryosiga yetib keladi. Nemis tanklar armadasi gʻarbga qarab yoʻl oladi. Fransuzlarning kechikkan hujumi ularga qarshi chiqa olmaydi. 16-mayda Guderianning qoʻshinlari Uazaga yetib boradi; 20-mayda ular Pa-de-Kale sohiliga chiqadilar va ittifoqdosh armiyalar tomon shimolga buriladilar. 28 ta ingliz-fransuz-belgiyalik diviziya nemislarning qurshovi ostida qoladi.

21-23-mayda fransuz qoʻmondonligining Arras yonida kontrzarba berish urinishi muvaffaqiyatli boʻlishi mumkin edi, ammo Guderian butun bir tank batalyoni hayoti evaziga bu harakatni toʻxtata oladi. 22-may kuni Guderian ittifoqdoshlarning Bulonga, 23-mayda Kalega qaytish yoʻlini berkitadi va Dunkerkdan 10 km uzoqlikda boʻlgan Gravlinga chiqadi, ammo 24-may kuni u Hitlerning shaxsiy buyrugʻiga koʻra ikki kunga oʻz yurishini toʻxtatadi. Ushbu toʻxtam ittifoqdoshlarga Dunkerk himoyasini kuchaytirishga va oʻz kuchlarini dengiz orqali evakuatsiya qilish boʻyicha "Dinamo" operatsiyasini boshlashga imkon beradi. 26-mayda nemis qoʻshinlari Gʻarbiy Flandriyadagi Belgiya frontini yoradilar va 28-may kuni Belgiya ittifoqdoshlarning talablariga qaramay kapitulyatsiyaga uchrashga majbur boʻladi. Oʻsha kuniyoq Lill tumanida nemislar katta fransuz guruhini oʻrab oladilar va 31-mayda bu guruh taslim boʻladi. Fransuz qoʻshinlarining bir qismi (114 ming kishi) va inglizlarning deyarli butun armiyasi (224 ming kishi) Dunkerk orqali britan kemalarida olib chiqiladi. Nemislar ingliz va fransuzlar ortga qaytishda tashlab ketgan artilleriya, bronetexnika, transport vositalarini egallaydilar. Dunkerkdan soʻng Buyuk Britaniya armiyasini saqlab qolganiga qaramay, deyarli qurolsiz boʻlib qoladi.

5-iyunda nemis qoʻshinlar Lan – Abvil hududida bosim oʻtkaza boshlaydilar. Fransuz qoʻmondonligining himoyadagi harakatlari zoye ketadi. Fransuzlar ketma-ket janglarda magʻlub boʻladilar. Fransuz himoya chizigʻi parchalanib ketadi va qoʻmondonlik oʻz qoʻshinlarini janubga qarata tezda olib ketadi.

10-iyunda Italiya Buyuk Britaniya va Fransiyaga qarshi urush eʼlon qiladi. Italyan qoʻshinlari Fransiyaning janubiy tumanlariga bostirib kiradi, ammo uzoqroqqa surila olmaydi. Oʻsha kuniyoq Fransiya hokimiyati Parijdan evakuatsiya qilinadi. 11-iyunda nemislar Shato-Tyerri oldida Marna daryosidan oʻtadilar. 14-iyunda hech qanday kurashsiz Parijga kiradilar, ikki kundan soʻng esa Rona vodiysiga chiqadilar. 16-iyunda marshal Pétain Fransiyaning yangi hokimiyatini tashkil qilib, 17-iyunda Germaniyaga sulh tuzish iltimosi bilan chiqadi. 18-iyunda Londonga qochgan fransuz generali Charles de Gaulle fransuzlarni kurashda davom etishlariga chaqiradi. 21-iyunda nemislar endilikda hech qanday qarshilikka uchramay, Nant – Tur hududidagi Luaraga yetadilar, oʻsha kuniyoq ularning tanklari Lionni egallaydi.

22-iyunda 1918-yili Germaniya oʻz kapitulyatsiyasi haqida eʼlon qilgan xuddi oʻsha vagonda fransuz-nemis sulhi tuziladi. Bunga koʻra Fransiya oʻz hududining asosiy qismini okkupatsiyasiga, yerdagi armiyasining demobilizatsiyasiga hamda harbiy-dengiz floti va aviatsiyasining internirlanishiga rozi boʻladi. Mamlakatning erkin qismida 10-iyulda boʻlib oʻtgan davlat toʻntarilishi natijasida Pétainning avtoritar tartibi (Vichy tartibi) oʻrnatiladi. Bu rejim Germaniya bilan yaqin hamkorlik qilishga qaratilgan edi (qarang kollaboratsionizm). Fransiyaning harbiy jihatdan zaifligiga qaramay, bu mamlakatning magʻlubiyati kutilmagan edi va hech qanday ratsional tushunchalarga toʻgri kelmagan.

Vichy qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni François Darlan butun fransuz flotining Fransuz Shimoliy Afrikasining sohillari yoniga olib ketilishi haqida buyruq beradi. Fransuz floti Germaniya va Italiya nazorati ostiga oʻtishidan hayiqib, britan harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiyasi 1940-yilning 3-iyulida Mers-el-Kebirda fransuz kemalariga qarata zarba berishadi. Iyulning oxirlariga kelib britaniyaliklar butun fransuz flotini yoʻq qiladilar yoki neytrallaydilar.

Pribaltika, Bessarabiya va Shimoliy Bukovinaning SSSRga qoʻshilishi

tahrir
 
Sovet qoʻshinlari Rigaga kirmoqda. 1940-yil, 17-iyun

1939-yilning kuzida Estoniya, Latviya va Litva SSSR bilan majburan qabul qildirilgan oʻzaro yordam haqidagi kelishuvlarni imzolashadi. Bu kelishuvlarga koʻra, yuqorida sanab oʻtildan davlatlar hududida sovet harbiy bazalari joylashtiriladi.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. http://www.soldat.ru/doc/casualties/book/chapter5_13_08.html
  2. http://www.soldat.ru/doc/casualties/book/chapter5_08.html
  3. http://www.soldat.ru/doc/casualties/book/chapter5_06.html
  4. http://ru.wikipedia.org/wiki/Польская_кампания#_ref-obobsch_1
  5. http://fr.wikipedia.org/wiki/Bataille_de_France
  6. Musallam Joʻrayev. OʻzME. Toshkent, 2000-2005.
  7. II.Weltkrieg /Dokumentation Das III.Reich. Gütersloch :Mohndruck Graphische Betriebe GmbH,. 1989 ISBN 3-88199-536-6
  8. Christian Zentner/ CHRONICK ZWEITER WELTKRIEG / Otus Verlag AG, St. Gallen, S. 20-22, 2007 ISBN 978-3-907200-56-8
  9. Reinhard Pözorny (Hg)Deutsches National-Lexicon- DSZ-Verlag ISBN 3-925924-09-4
  10. Chronik des Zweiten Weltkrieg. MOHN Media. Mohndruck GmbH. Gütersloch.2004, ISBN 3-577-14367-3
  11. [1] Finlandiya va SSSR oʻrtasida tinchlik haqidagi kelishuv, III band, Moskva, 12-mart 1940

Adabiyotlar

tahrir
  • Vtoraya mirovaya voyna. Kratkaya istoriya, M., 1984;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Xotira kitobi – Kniga pamyati Respubliki Oʻzbekiston [maxsus jild], T., 1995;
  • Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada Oʻzbekistonning tarixiy hissasi. 1941 – 1945 [Ilmiynazariy konferensiya materiallari], T., 1996;
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000.