Said ibn Abdulmalik ibn Marvon (arabcha: سعيد بن عبد الملك بن مروان) (750-yilda vafot etgan) – Said al-Xayr nomi bilan tanilgan Umaviylar shahzodasi va hokimi.

Otasi xalifa Abdulmalik hukmronligining (h. 685–705) dastlabki davrlarida Quddusdagi Qubbat as-Saxra (Qoya gumbazi) qurilishida muhim rol oʻynagan. Bir muddat Mosul viloyatini boshqargan va u yerda bir qancha qurilish ishlariga mas’ul boʻlgan. Keyinchalik ukasi xalifa al-Volid I (h. 705–715) yoki uning amakivachchasi xalifa Umar ibn Abdulaziz (h. 717–720) tomonidan Mosul atrofidan mulk berilgan. Said bu yerlarni rivojlantirib, kanal oqib oʻtadigan qishloq xoʻjaligiga aylantirgan. 724 va 725-yil yoz oylarida Onadoʻlida Vizantiya imperiyasiga qarshi yurishlarga boschilik qilgan. Jiyani xalifa al-Volid II hukmronligi davrida, 743-yilning fevralidan 744-yilning apreliga qadar Falastin hokimi boʻlib xizmat qilgan. Al-Volid II ning oʻlimidan soʻng isyonchilar uni tumandan quvib chiqargan. 750-yilda Abbosiylar sulolasi agʻdarilganidan keyin Ramla yaqinida Umaviylar oilasi qirgʻin qilinganda Said ibn Abdulmalik ham oʻldirilgan.

Hayoti

tahrir

Said ibn Abdulmalik Umaviylar xalifasi Abdulmalik (h. 685–705) va uning kanizaklaridan birining oʻgʻli boʻlgan[1]. Taqvodorligi, xushmuomalaligi va koʻplab xayriya ishlarini amalga oshirganligi tufayli Said al-Xayr[2] nomi bilan mashhur boʻlgan[3]. IX asr tarixchisi Tabariy Saidning yaxshi xulqli kishi boʻlganligini taʼkidlab oʻtgan[4]. Shuningdek, tarixchi Balozuriy uning zohidlik bilan shugʻullanganini daʼvo qilgan[2]. 688–692-yillarda Said otasi tomondan Quddusdagi Qoya gumbazi qurilish ishlarini nazorat qilish uchun mas’ul etib tayinlangan[5].

Mosul hokimligi

tahrir

Said ibn Abdulmalik 691-yilda Abdulmalik[6] tomonidan Mosul hokimi etib tayinlangan[7]. Abdulmalik hukmronligi davrida Saidning amakisi Muhammad ibn Marvon va amakivachchasi Yahyo ibn al-Hakamning oʻgʻli Yusuf Mosul hokimi boʻlib xizmat qilgan edi[6]. Said oʻz hukmronligi davrida shaharda bir qancha qurilish ishlariga masʼul boʻlgan. Al-Voqidiy uning shahar devorlarini qurdirganini, biroq bu devorlar 796-yilga kelib Abbosiylar xalifasi Horun ar-Rashid tomonidan buzib tashlanganini aytib oʻtgan[6]. Masjid, monastir, bozorlar qurdirgani va Mosul koʻchalariga asfalt yotqizganligi uchun oʻrta asrlarga oid islomiy manbalarda uning nomi eʼtirof etilgan[6].

Al-Balozuriyning taʼkidlashicha, xalifa al-Volid I yoki xalifa Umar ibn Abdulaziz Mosul yaqinidagi Diyor Mudar tumanidagi mulkni Saidga iqta (yer berish) sifatida bergan[2]. Said u yerdan ariq qazib oʻtkazgan, keyinchalik oʻzining sharafiga uni Nahr Said deb nomlagan[3]. Soʻngra xalifa Umar Saidni Suriyaga chaqirib, uning oʻrniga Yahyo ibn Yahyo al-Gʻassoniyni Mosul hokimi etib tayinlagan[8].

Vizantiyaga qarshi yurishlar

tahrir

Xalifa Yazid II (h. 720–724) va Hishom (h. 724–743) hukmronligi davrida Said Onadoʻlida Vizantiyaga qarshi yurishlarga boshchilik qilgan[3]. 724-yilning yoz oyida amalga oshirilgan yurish paytida Umaviylar qoʻshinining chap qanotiga qoʻmondonlik qilgan, ammo uning kuchlari katta yoʻqotishlarga duch kelgan[9]. Maʼlumotlarga koʻra, Yazid II Saidni xalifalikka munosib voris sifatida koʻrgan va uni ham shunday fikrlashga undagan boʻlishi mumkin[3]. 725-yilning yozida Said yana bir bor Vizantiyaga qarshi yurishni boshqargan[8].

Falastin hokimligi

tahrir

Xalifa Volid II ning (h. 743–744) hukmronligi davrida Said Falastin hokimi etib tayinlangan[3]. Manbalarda uning tumanni yaxshi boshqargani keltirilgan[8]. Tarixchi Tabariyning yozishicha, Volid II 744-yilda oʻldirilgach, Falastindagi arab qabilalari, jumladan, Banu Judham qabilasi boshligʻi Ravh ibn Zinbaning oʻgʻli Said ibn Ravh boshchiligida Yazid ibn Sulaymon ibn Abdulmalikni oʻzlariga hokim etib saylaganlar[4]. Shu maqsadda Bir as-sabada yoki Bayt Jibrin yaqinida qarorgoh qurgan Said ibn Abdulmalikdan egallab turgan lavozimini topshirishini talab qilgan[4]. Said bu talabga boʻysungan va Damashqda Volid II ning vorisi Yazid III uni himoyasi ostiga olgan. Yazid II keyinchalik Falastindagi isyonchilarga qarshi yurish qilishga buyruq bergan[4]. Saidning Falastindagi hokimligi 743-yilning fevralidan 744-yilning aprelga qadar oʻn toʻrt oy davom etgan[8].

Oʻlimi va avlodlari

tahrir

Abdulmalik naslidan boʻlgan boshqa shahzodalar, jumladan, aka-ukalari Bakkar va Muhammad ibn Abdulmalik bilan bir qatorda Said xalifa Marvon II ga (h. 744–750) bay’at bergan. 750-yilda Abbosiylar Umaviylar xalifaligini agʻdarib tashlashi ortidan Ramla yaqinidagi Abu Futrus daryosi boʻyida Abbosiylar tomonidan uyushtirilgan qirgʻinda Said ibn Abdulmalik ham oʻnlab boshqa Umaviylar bilan birga oʻldirib yuborilgan[3].

Abbosiylar Suriyani egallab olganidan soʻng, Saidning nabiralari, aka-uka al-Asbogʻ, Hishom va Volid ibn Muhammad boshqa Umaviylar bilan birga Al-Andalusga joylashgan. U yerda shahzoda Abdurahmon I Kordova amirligini tashkil qilgan. Al-Asbogʻ Abdurahmon I ning singlisiga uylangan va ularning avlodlari qozi va sarkarda sifatida amirlikning yuqori lavozimlarida xizmat qilgan. Hishomning oilasi Sevillada istiqomat qilgan. Al-Volidning oilasi Banu Oysha qabilasi ham amirlikda yuqori martabalarga ega boʻlgan[10].

Said ibn Abdulmalikning shajara daraxti
Al-Hakam
YahyoMarvon I (h: 684–685)
YusufAbdulmalik (h: 685–705)AbdulazizMuhammad
Al-Volid I (h: 705–715)Sulaymon (h: 715–717)SaidYazid II (h: 720–724)Hishom (h: 724–743)Umar II (h: 717–720)Marvon II (h: 744–750)
Yazid III (h: 744–744)MuhammadAl-Volid II (h: 743–744)Muoviya
Al-AsbogʻHishomAl-VolidAbdurahmon I (h:756–788)
Banu Oysha
  Said ibn Abdulmalik

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir