Yoʻtal siropi mojarosi (Oʻzbekiston)

Oʻzbekistonning Samarqand shahridagi bolalar shifoxonasida vafot etgan 18 nafar goʻdak bilan bogʻliq jarayonlar toʻplami

Yoʻtal siropi mojarosi Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand shahrida joylashgan bolalar shifoxonasida 18 nafar[izoh 1][⇨] goʻdak oʻlimi bilan boshlangan jarayonlar toʻplamidir. Bolalar oʻlimiga Hindistonda faoliyat yurituvchi „Marion Biotech Pvt. Ltd“ kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan „Dok-1 Maks“ dori vositasi sabab boʻlgan. Laboratoriya oʻrganishlari natijasida preparat tarkibida zaharli etilenglikol moddasi aniqlangan. Hindiston hukumati „Marion Biotech“ kompaniyasiga qarshi ish ochgan boʻlsa, Oʻzbekiston rasmiylari bolalar vafot etgan kasalxona xodimlari va sogʻliqni saqlash tizimining bir qancha aʼzolariga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻagan.

Yoʻtal siropi mojarosi

Oʻzbekiston SSV tomonidan Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilmaslikka chorlov ohangida yuborilayotgan SMS-xabar
Soha Tibbiyot
Oʻtkazilgan joyi Samarqand, Oʻzbekiston
Boshlanish sanasi 24-dekabr, 2022-yil
Davomiyligi 20 kun
Tugash sanasi 13-yanvar, 2023-yil
Maqom tugal

Mamlakat hududida „Dok-1 Maks“ dori vositasini sotish va tarqatish 29-dekabr kuni rasman taʼqiqlandi. Sirop tarkibida zaharli modda borligini aniqlagan shifokor vazifasidan ozod etilgan. Kompaniya zavodlarida shu va shunga oʻxshash tarkibga ega dori vositalarini ishlab chiqarish jarayoni Hindiston hukumati taʼsiri ostida toʻxtatildi[⇨]. Bu holat yuzasidan Shavkat Mirziyoyev Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevni oʻz vazifasidan ozod etdi. JSST va Oʻzbekiston rasmiylari oʻrtasida holat yuzasidan aloqalar oʻrnatilganligi, tergov ishlari hali-hanuz davom etayotgani iddao qilingan[⇨]. Bojxona qoʻmitasi mojaro haqida xabarlar tarqala boshlagan kunda 60 ming qutiga yaqin dori vositalari tarqalishining oldini olgan.

2023-yil 10-yanvarda Hindiston hukumati Oʻzbekistondagi bolalar oʻlimiga sabab boʻlgan „Dok-1 Maks“ preparati ishlab chiqaruvchisi — „Marion Biotech“ kompaniyasining litsenziyasini toʻxtatdi.

Dok-1 Maks taʼsiri

 
Dok-1 Maks dori vositasi (tabletka va sirop)

„Dok-1 Maks“ sirop va tabletka shaklida ishlab chiqariluvchi o‘tkir respirator kasalliklar alomatlariga qarshi kurashuvchi dori vositasi hisoblanadi[1]. Farmatsevt mutaxassislar koʻrsatmasida dori vositasini bola 2 yoshdan oshgandan keyin qoʻllash mumkinligi koʻrsatilgan. Biroq, ushbu preparat bilan tarkib jihatidan oʻxshash boʻlgan boshqa kompaniyalar preparatlarini, asosan, 12 yoshdan keyin qoʻllashga ruxsat berilishi taʼkidlanadi. Preparatning har 10 ml. tarkibi paratsetamol (500 mg.), gvayfenezin (200 mg.), fenilefrin gidroxloridi (10 mg.), shuningdek, qoʻshimcha sifatida sorbitol propilenglikol, natriy benzoati, limon kislotasi monogidrati, natriy saxarini, sukroloza, glitserol, karamel rangi, muzdek limon taʼmi, mentol hamda tozalangan suvdan iborat[2]. Rangi — och jigarrang, hidli va shirin limon taʼmli mazaga ega suyuqlik. Asosan koʻkyoʻtal, burun bitishi, nam yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi, angina, bosh og‘rig‘i, tanadagi ogʻriqlar, shamollash va gripp taʼsirida yuzaga keluvchi isitma holatlarida qoʻllaniladi[3]. Oʻzbekiston hududida 20122022-yillar davomida savdoga chiqarilgan[1]. Hindistonning „Marion Biotech Pvt. Ltd“ kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi ushbu dori vositasi Oʻzbekiston hududiga „Quramax Medikal“ mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan import qilingan[4]. 2022-yilning 5-sentyabrdan 13-dekabrgacha boʻlgan oraliqda „Dok-1 Maks“ dosi vositasining 11 ta seriyasiga sertifikat berilgan[5].

Oʻlim holatlari qayd etilganidan keyingi laborator oʻrganishlar natijasida „Dok-1 Maks“ siropining 2022-yilgi versiyasi tarkibida etilenglikol moddasi borligi aniqlangan[6][7]. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻtkazilgan sifat nazorati natijalari „Dok-1 Maks“ hamda „Ambronol“ dori vositalarining ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi oʻrniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligini koʻrsatgan[8][9][10]. Etilenglikol zaharli moddalar qatoridan oʻrin olgan boʻlib, taxminan 1−2 ml/kg li 95 foiz konsentratsiyalangan eritmasi bemor sogʻligʻida jiddiy oʻzgarishlarni, jumladan, qayt qilish, tutqanoq, hushdan ketish, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi hamda yurak-qon tomir tizimidagi muammolarini keltirib chiqarishi mumkin[4][11][6]. Oʻzbekistonda 2022-yilning 22-dekabridan ushbu dori vositasining savdosi vaqtincha toʻxtatildi. Tezkor qaror yuzasidan „Quramax Medikal“ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborildi[12].

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻtkazgan tergov ishlari natijasida „Marion Biotech“ tomonidan ishlab chiqarilgan yoʻtalga qarshi sirop koʻrinishida boʻlgan dori vositalari tarkibidagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari qatʼiy belgilangan meʼyordan 300 barobar yuqoriligi aniqlangan[13][14].

Zaharlanish holatlari

Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi rahbari Mamatqul Azizovning viloyat hokimligi Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyozovga yoʻllagan 15-dekabrdagi rasmiy xatida „Dok-1 Maks“ bilan bogʻliq fojiaviy holatlar „soʻnggi 2 oyda“ roʻy berayotgani qayd etilgan[15].

Sirdaryo viloyati SSB boshligʻi oʻrinbosari Oltinoy Esanova preparat yetti nafar bolaga salbiy taʼsir qilganligi haqidagi xabarni maʼlum qildi[16][17]. Bemorlarning 3 nafari jonlantirish boʻlimida boʻlsa, 4 nafari sogʻayishga erishgan[18]. Maʼlumotda ota-onalarga „Dok-1 Maks“ dori vositasini qabul qilgan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarda hech qanday nojoʻya taʼsirlar boʻlmasa ham, oilaviy shifoxonalarga murojaat qilishlari kerakligi taʼkidlangan[19].

Farg‘ona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov Milliy axborot agentligiga bergan xabarida viloyatda 3 yoshli bola „Dok-1 Maks“ dori vositasi taʼsirida zaharlanganini maʼlum qildi[20][21][22]. U oʻz xabarida Quvasoy shahridan boʻlgan ushbu bemorning ahvoli ogʻirligi, hozirda maxsus tasdiqdan oʻtgan standartlar asosida davolanayotganini taʼkidlagan[23]. Toʻxtaqulov, shuningdek, ota-onalarga bu kabi dori vositalaridan bolalarini uzoqda tutishlarini, ularni farzandlariga bermasliklari kerakligini aytib oʻtgan[24].

Toshkent viloyatida ham 9 nafar bolaning zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi[25]. Viloyat hokimligining xabar berishicha, shu kunga qadar viloyatda „Dok-Maks“ dori vositasi ortidan oʻlim holati qayd etilmagan[26]. OAVda viloyatdagi zaharlanish holati kuzatilgan bolalarning 5 nafari sogʻaygani, 4 nafarining ahvoli esa barqarorligi maʼlum qilingan[27][28].

Qoraqalpogʻiston SSV vaziri oʻrinbosari Akmal Asqarov „Qaraqalpaqstan“ telekanali muxbiri bilan boʻlgan suhbatda respublika hududida 2 nafar bola „Dok-1 Maks“ dori vositasidan zaharlangani hamda davolanish uchun poytaxtga yuborilganini maʼlum qildi. Vazirlik matbuot kotibi S. Ziyayev bolalarning ahvoli oʻrtacha yaʼni juda yaxshi ham, juda yomon ham emasligini taʼkidlagan. Zaharlanish holati bemorlarning buyragida kuzatilgan[29][30].

Rasman eʼlon qilingan tavsiyalar

2022-yilning 29-dekabr sanasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida boʻlib oʻtgan brifing davomida „Dok-1 Maks“ dori vositasini qabul qilgan kishilarga maxsus tavsiyalar berib oʻtildi[31]. Unda taʼkidlanishicha, preparatni 10 kun avval qabul qilgan bemorda turli alomatlar yuzaga chiqmasa, bu xavotirli holat boʻlmaydi. „Dok-1 Maks“ va shu kabi boshqa shamollashga qarshi siroplarning bir qancha partiyasida zaharli moddalar borligi aniqlangan. Shundan soʻng bu kabi dori vositalarning savdosiga chek qoʻyilgan, biroq baʼzi dorixonalar keyinchalik ham ushbu dori vositasi savdosi bilan shugʻullanayotgani maʼlum qilingan[32].

Oʻlim holatlari qayd etilishi

„Dok-1 Maks“ dori vositasini doktor retseptisiz isteʼmol qilish ortidan Samarqand (18 ta), Qashqadaryo (1 ta) va Namangan (1ta)[33] hududlarida yosh bolalar oʻlimi holatlari qayd etilgan[34][35][36][izoh 2].

Samarqand shahrida joylashgan bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 18 nafar bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtalga qarshi siropni qabul qilish ortidan vafot etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili — ombudsman Aliya Yunusova, bola huquqlarini taʼminlash sektori vakillari hamda prokuratura xodimlari tomonidan ushbu shifoxonada vafot etgan bolalar boʻyicha maxsus oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganish natijasi vafot etgan goʻdaklarning barchasi 6 yoshdan kichik boʻlganligini, ularning 15 nafari 3 yoshdan kichik bolalar ekanini koʻrsatdi. Samarqandda vafot etgan bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridan boʻlgan[37][38].

2022-yilning 29-dekabr sanasida ushbu preparatni qabul qilish oqibatida vafot etgan bolalar soni 20 nafarga yetdi. 2021-yil 14-avgustda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tugʻilgan bola siropning nojoʻya taʼsiri oqibatida 27-dekabr sanasida Oʻzbekiston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Bola koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 28-dekabr kuni vafot etgan[39][36][40][41].

Vafot etgan bolaning oila aʼzolaridan biri „Daryo.uz“ nashriga voqealar rivoji qanday boʻlganligi haqida gapirib berdi[42]:

Tez yordam markazidagilar jiyanimni qabul qilishmadi va uni poytaxtga olib borish kerakligini aytishdi. Bolani Toshkentga olib ketayotgan paytda tez tibbiy yordam xodimlari uni ortga qaytarib olib kelishni so‘rashdi. Jiyanim oʻsha doridan zaharlangani haqida Qarshi shahridagi tibbiy tekshiruvlar natijasi orqali xabar topdik. Biz gripp alomatlari, deb o‘ylagandik. Shifokorlar “Qanday dori ichirgansizlar, rasmini tashlanglar” deb aytishgach, rasmini tashladik. Doktorlar preparat bolaning buyrak va jigar kabi organlariga kuchli zarar yetkazganini aytishdi. Ushbu dorini qabul qilish taqiqlangani haqidagi xabarlarni jiyanim dorini ichib bo‘lganidan keyin eshitdik. U paytda ancha kech bo‘lgandi

— Shahnoza Nafasova, vafot etgan bolaning ammasi

O‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 43[izoh 3] nafar boladan 20[43] nafari „Dok-1 Maks“ siropini meʼyoridan ancha ortiq miqdor — 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 ml.gacha qabul qilish natijasida vafot etgan[44].

2022-yilning dekabr oyida „Dok-1 Maks“ dori vositasining import qilingan 3 ta partiyasi (60 mingga yaqin qutilar) preparat ortidan boshlangan voqealar fonida Davlat bojxona qoʻmitasi mas’ullari tomonidan qatʼiy nazorat ostiga olingan[45][46].

2023-yilning 10-avgust sanasidagi maʼlumotlarga koʻra vafot etgan bolalar soni 65 nafarni tashkil etgan[47]

Munosabatlar

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Voqea yuzasidan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiylari dori vositasi ortidan kelib chiqqan salbiy alomatlarni oʻrganish maqsadida „Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi“ning malakali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzganligi haqida xabar berdi[12]. Xabarda voqea ortida jinoiy alomatlar mavjudligi, 7 nafar mas’ul shaxs ishdan olinganligi, aniqlangan maʼlumotlar esa huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgani taʼkidlangan[7]. Maʼlumotlarga koʻra, dori vositasi shifokor retseptisiz, mustaqil ravishda dorixona sotuvchilari tavsiyasi bilan sotib olingan hamda belgilangan meʼyordan ortiq dozada qabul qilingan[4][48][11]. Oʻz SSV vaziri Behzod Musayev Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish ortidan vafot etgan 18 nafar goʻdakning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik videomurojaatini yoʻlladi[49].

Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻining taʼkidlashicha, vazirlik tomonidan tayinlangan maxsus ishchi guruhi olib borgan oʻrganish natijasi shuni koʻrsatdiki, sirop taʼsirida bolalarda kuzatilgan holat boshlanganiga 2 oydan oshgan. Shifoxona mas’ullarning vaziyat boʻyicha shu kunning oʻzida vazirlikka tezkor maʼlumot taqdim etmagani vaziyatni yanada chigallashtirgan[50].

Marion Biotech Pvt. Ltd

O‘limdan afsusdamiz, hukumat tergov olib bormoqda. Natijalar asosida biz tegishli choralarni ko'ramiz. Namunalar allaqachon olingan. Ushbu mahsulotni ishlab chiqarish to'xtatildi, boshqa jarayonlar davom etmoqda.

— Hasan Raza[51]

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)

JSST 27-dekabrdan buyon O‘zbekistonda „Dok-1 Maks“ yoʻtal siropini isteʼmol qilish ortidan vafot etgan bolalar oʻlimi yuzasidan hukumat rasmiylari bilan aloqada boʻlib turibdi[52]:

Biz O‘zbekiston rasmiylari bilan aloqadamiz hamda 18 nafar vafot etgan bola yuzasidan maʼlumotlarni toʻplash bilan mashgʻulmiz

— JSST rasmiylari[53]

Oʻzbekiston prezidenti

2019-yil fevral oyidan beri Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Sardor Kariyev 30-dekabr kuni respublika prezidenti oʻtkazgan majlisda oʻz vazifasidan ozod etilgan[54]. Shuningdek, prezident Samarqandda yuz bergan bolalar oʻlimi holatidan xabar topgan[55]. Bu holat yuzasidan soha mutasaddilarini tanqid qilgan[56][57]:

Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar o‘limi sohada ishlar ahvolini, nazorat yo‘qligini ko‘rsatdi. Bugun Farmatsevtika agentligi rahbari Kariyevni ishdan oldim. Bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarning hammasi qonun oldida javob beradi!

— Shavkat Mirziyoyev[58]

Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi

Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Manish Prabhat jurnalistlar bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida Dok-1 Maks dorisidan bolalar vafot etishiga dori dozasining oshirib yuborilishi sabab boʻlgani ehtimolini aytib oʻtgan[59]. Shuningdek, elchi ayni paytda Hindistonda dori ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech kompaniyasi ustidan tergov jarayonlari davom etayotganligini ham qoʻshimcha qilgan[59].

JSST

Dunyoning uchta mamlakatida yoʻtalga qarshi sifatsiz siropdan oʻlim holatlarining umumiy soni 300 tani tashkil qildi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) press-relizida[60] quyidagilarni maʼlum qildi:

So‘nggi 4 oy ichida tarkibida dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) miqdori yuqori bo‘lgan retsepsiz yo‘talga qarshi siroplarni qabul qilishdan 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi

— Jahon sogʻlini saqlash tashkiloti, in

Jinoyat ishi ochilishi

„Marion Biotech“ kompaniyasi Hindistonda 2010-yilda kichik ishlab chiqaruvchi, 2016-yilda esa xalqaro eksportchi sifatida roʻyxatgan oʻtgan[61]. Kompaniyaning dori vositalarini Oʻzbekistonga import qilib olib kirgan „Quramax Medikal“ MCHJ esa Oʻzbekistonda 2006-yilda roʻyxatdan oʻtgan[62]. Ushbu tashkilot rahbari Singh Ragvendra Pratar[5].

Hindiston hukumati „Dok-1 Maks“ dori vositasini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv ishlarini boshladi[63][6][64][65]. Surishtiruv-tekshiruv ishlarini olib borish Uttar-Pradesh shtatidagi narkotiklarni lisenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan[66][65][67]. Kompaniya 2022-yilning 29-dekabrida Oʻzbekistonda 20 dan ortiq bolalarning oʻlimiga sabab boʻlgan „Dok-1 Maks“ dori vositasi ishlab chiqarilishini rasman toʻxtatdi[51][68][66][12][65]. „Economic Times“ nashri maʼlumotlariga koʻra, ushbu jinoyatni oʻrganish yuzasidan tashkil etilgan tergov komissiyasi Oʻzbekiston hukumatidan dori oqibatida vafot etgan bolalar haqida hisobot soʻragan[69].

Shuningdek, ushbu voqea yuzasidan Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan „Quramax Medikal“ va „Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi“ rasmiylariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3 moddasining 4-qismi „a“ bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan[70][51]. Gumonlanuvchi shaxslar hibsga olingan[11]. Oʻz lavozimidan ozod etilgan 7 nafar mas’ul xodim orasida ushbu siropning xavfli ekani hamda bolalar oʻlimiga sababchi aynan shu preparat boʻlganini aniqlagan Mamatqul Azizov ham bor[71][72]. Ushbu mas’ullar ishga tiklanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi[73]. Kun.uz saytining xabar berishicha yangi tayinlangan Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishdan olingan 7 nafar mas’ul shaxslar bilan uchrashuv oʻtkazgan[74].

Hindiston hududidan Oʻzbekistonga eksport qilingan „Dok-1 Maks“ dori vositasi „Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi“ MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilgan[75]. Biroq, tekshiruv qatʼiy tartib asosida oʻtkazilmagan, yaʼni preparatlar yaxshilab tekshirilmagan[76][77]. Davlat xavfsizlik organlari ushbu ish yuzasidan „Quramax Medikal“ MCHJ va „Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi“ning ikki nafardan rahbarini gumonlanuvchi shaxslar sifatida hibsga olgan[78][79].

Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol boʻlib, ularning 7 tasiga „qamoqqa olish“, 12 tasiga „munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat“ va 2 tasiga „garov“ tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan[44].

Natijalar

2022-yilning 30-dekabr sanasiga oʻtar kechasi Hindiston hukumati tomonidan „Dori vositalari standartlarini nazorat qilish markazi“ hamda „Uttar-Pradesh dori vositalari aylanmasini nazorat qiluvchi boshqarma“ xodimlari ishtirokida tuzilgan maxsus ishchi guruh „Marion Biotech“ dori zavodida tekshiruv ishlarini yakunlashdi[80][81]. Surishtiruv ishlari natijasida hukumat rasmiylari zavodda dori preparatlarini ishlab chiqarishni butunlay toʻxtatishni talab qilishgan. Kompaniyaning Noida shahridagi barcha ishlab chiqarish zavodlari va ularda tayyorlanayotgan „Nolgripp“, „Sinepar“, „Dok-1 Maks“, „Travamaks“ va shu kabi boshqa dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonlari toʻxtatib qoʻyildi[82][83][80].

2023-yilning 2-yanvar sanasida „Quramax Medikal“ tomonidan import qilinuvchi, tarkibida propilenglikol moddasi oʻrniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari borligi aniqlangan barcha preparatlar sotuvi toʻxtatilgan[84]. Xuddi shu yilning 10-yanvar sanasida Hindiston hukumati Oʻzbekistondagi bolalar oʻlimiga sabab boʻlgan „Dok-1 Maks“ dori vositasining ishlab chiqaruvchisi — „Marion Biotech“ kompaniyasining litsenziyasini toʻxtatdi[85]. 13-yanvar sanasida esa dori-darmon importi bilan shugʻullanuvchi, „Dok-1 Maks“ dori vositasini mamlakat hududiga olib kirgan „Quramax Medikal“ MCHJning litsenziyasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan bekor qilindi[86][87][88].

Izohlar

  1. Jami 65 nafar, biroq, faqat Samarqand shahrida vafot etganlar soni 18 nafardir. Vafot etgan 18 nafar goʻdak oʻlimidan soʻng mojaro boshlangan.
  2. Daryo.uz nashri aniq.uz sayti manbasiga tayanib Toshkent shahrida ham bir nafar bola vafot etganini eʼtirof etadi. Biroq, viloyati hokimligi viloyatda oʻlim holati qayd etilmaganini taʼkidlagan.
  3. Samarqand (21), Toshkent viloyati (9), Sirdaryo (7), Qoraqalpogʻiston (2), Toshkent shahri (1), Fargʻona (1) Namangan (1), Qashqadaryo (1) kabi hududlardan jami 43 nafar bola zaharlanganligi manbalarda taʼkidlangan.

Manbalar

  1. 1,0 1,1 „Sog‘liqni saqlash vazirligi “Dok-1 Maks” preparatini o‘rganish natijalarini e’lon qildi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  2. „Samarqandda “Dok-1 Maks” preparatidan 18 nafar bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi“. uzreport.news. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  3. „DOK 1 MAKS“. vitainfo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 „«Dok-1 Maks» dorisi tarkibida zaharli modda — etilenglikol topildi“. gazeta.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  5. 5,0 5,1 „ЖССТ бутун дунёни “Док-1 Макс”дан огоҳлантирди. Бу дори Ўзбекистонга қандай кириб келган?“. kun.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  6. 6,0 6,1 6,2 „Hindistonda “Dok-1 MAKS” dorisini ishlab chiqaruvchi kompaniyaga qarshi surishtiruv boshlandi“. sputniknews-uz.com. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  7. 7,0 7,1 „Док-1 Макс сиропи ўрганиш натижалари: Жиноят аломатлари мавжуд, барча масъуллар ишдан олинди, материаллар ҳуқуқни муҳофаза қилиш органларига юборилди“. telegram.org. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  8. „«Quramax Medikal»нинг Ўзбекистонда сотуви тўхтатилган дорилар рўйхати эълон қилинди“. kun.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  9. „SSV sotuvi toʻxtatilgan preparatlar roʻyxatini eʼlon qildi“. oyina.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  10. „Чуқурлаштирилган сифат назорати натижаларига кўра, “Док-1 Макс” ҳамда “Амбронол” ...“. ssv.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  11. 11,0 11,1 11,2 „DXX tomonidan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi“. uzreport.news. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  12. 12,0 12,1 12,2 „Bugundan O‘zbekistonda «Dok-1 MAKS» tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi“. oyina.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  13. „Medical Product Alert N°1/2023: Substandard (contaminated) liquid dosage medicines“. who.int. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  14. „https://www.livemint.com/news/india/marion-biotech-maker-of-toxic-cough-syrup-loses-registration-11672421692869.html“. livemint.com. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  15. „Ижтимоий тармоқларда Док-1МАКС препарати болалар ўлимига сабаб бўлаётгани ҳақида хабарлар тарқалмоқда“. kun.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  16. „Сирдарёда ҳам 7 бола “Док-1 Макс”дан заҳарланди“. qalampir.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  17. „Intervyu 📡Sirdaryo telekanali👇🏼“. Sirdaryo telekanali. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  18. „Сирдарё вилоятида “Док-1 Макс” ва “Амбронол” дорилари етти нафар болага ножўя таъсир қилгани маълум қилинди“. kun.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  19. „Sirdaryoda “Dok-1 Maks” sabab uch nafar bola jonlantirish bo‘limida ekani ma’lum qilindi“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  20. „Farg‘onada uch yoshli bola “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangani ma’lum qilindi“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  21. „Фарғонада ҳам “Док-1 Макс”дан заҳарланиш ҳолати аниқланди“. kun.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  22. „Фарғонада болаларни дори препаратларидан заҳарланиш ҳолати қатъий назоратга олинган“. UzA.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  23. „Фарғонада ҳам “Док-1 Макс”дан заҳарланиш аниқланди. Боланинг аҳволи оғир“. qalampir.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  24. „Farg‘onada uch yoshli bola “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangani ma’lum qilindi“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  25. „Тошкент вилоятида 9 нафар бола «Док-1 Макс» сиропидан заҳарланди“. gazeta.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  26. „Toshkent viloyatida shu kunga qadar “DOK-1 MAKS” dorisidan oʻlim holati kuzatilmagan.“. toshvilpressa. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  27. „Расман: Тошкент вилоятида 9 нафар бола “Док-1 Макс”дан заҳарланди“. qalampir.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  28. „Тошкент вилоятида “ДОК-1 МАКС”дан болалар заҳарланган, аммо ўлим ҳолати кузатилмаган“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  29. „Qoraqalpog‘istonda “Dok-1 Maks“dan zaharlangan ikki bola davolanish uchun Toshkentga olib kelingani ma’lum bo‘ldi“. daryo.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  30. „Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Akmal Asqarovning “Qaraqalpaqstan” telekanaliga bergan intervyusi“. daryo.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  31. „O‘zbekistonga olib kelingan “Dok-1 Maks” preparatining bir nechta partiyasida zaharli modda aniqlandi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  32. „«Док-1 Макс» сиропи бўйича юртдошларимиздан келиб тушаётган муҳим саволларга жавоблар“. Rasmiy xabarlar. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  33. „Наманганда ҳам Док-1 Максдан ўлим ҳолати қайд этилди“. kompramat.uz. Qaraldi: 7-yanvar 2023-yil.
  34. „Наманганда “Док-1 Макс” дори воситасидан ўлим ҳолати қайд этилгани ростми?“. UzA.uz. Qaraldi: 7-yanvar 2023-yil.
  35. „Наманганда «Док-1 Макс» препаратини қабул қилган 3 ёшли бола вафот этди“. kun.uz. Qaraldi: 7-yanvar 2023-yil.
  36. 36,0 36,1 „Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilgan 1,5 yoshli bola vafot etdi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  37. „Самарқанддаги болалар шифохонасида 18 нафар бола вафот этгани бўйича Болалар Омбудсмани мониторинг ўтказди“. ombudsman.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  38. „Samarqandda “Dok-1 Maks” preparatidan 18 nafar bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  39. „“Док-1 Макс” ичиб вафот этганлар яна бир кишига кўпайди“. qalampir.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  40. „Бугун 2022 йил 28 декабрь куни Тошкент шаҳар 16-сонли тез тиббий ёрдам шифохонасида Жиззах вилояти Зарбдор туманидан бўлган, 2018 йилда туғилган Н.М. Док-1 Макс дори воситасидан вафот этди.“. aniq.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  41. „Qashqadaryoda ham «Dok-1 Maks» siropidan o‘lim qayd etildi“. xabar.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  42. „“Sirop haqida eshitib, vaziyatni bilganimizda jiyanim shifoxonada edi” — “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanib, vafot etgan 1,5 yoshli bolaning ammasi“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  43. „“The Diplomat” O‘zbekistonning xavfli tibbiyoti haqida maqola e’lon qildi“. — „...Dok-1 Maks” dori vositasi tufayli 18 nafar (ayni paytda ularning soni 20 nafarga yetgan) bola halok bo‘lganiga...“. Qaraldi: 2022-yil 13-yanvar.
  44. 44,0 44,1 „Sog‘liqni saqlash vazirligi “Dok-1 Maks” preparatini o‘rganish natijalarini e’lon qildi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  45. „60 минг қути “Док-1 Макс” ушлаб турилгани маълум бўлди“. qalampir.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  46. „O‘zbekistonda “Dok-1 Maks”ning qancha partiyasi bojxona omborida saqlanayotgani ma’lum qilindi“. daryo.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  47. „Ўзбекистонда “Док-1 Макс” дорисидан 65 нафар бола ҳалок бўлган“. kun.uz. Qaraldi: 10-avgust 2023-yil.
  48. „O‘zbekistonga kirgan “Dok-1 Maks” dorisida zaharli moddalar borligi aniqlandi. Ishda jinoyat izlari bor“. qalampir.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  49. „Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev videomurojaat orqali Dok-1 Maks dori vositasini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.“. uzreport.news. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  50. „“Dok-1 Maks” dorisini fosh qilgan tibbiyot xodimlari o‘z vaqtida SSVga xabar bermagani ma’lum bo‘ldi“. daryo.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  51. 51,0 51,1 51,2 „"Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar o‘limiga izoh berdi“. uzreport.news. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  52. „JSST O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” dorisidan bolalar o‘lgani yuzasidan munosabat bildirdi“. daryo.uz. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  53. „We are in touch with the Uzbek authorities: WHO over deaths of 18 children“. aninews.in. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  54. „Prezident Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbarini ishdan oldi.“. xs.uz. 2022-yil 31-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  55. „O‘zbekiston prezidenti Farmatsevtika agentligi rahbarini ishdan oldi“. gazeta.uz. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  56. „Shavkat Mirziyoyev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarini ishdan oldi“. daryo.uz. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  57. „Shavkat Mirziyoyev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarini ishdan oldi“. kun.uz. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  58. „Shavkat Mirziyoyev Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbarini ishdan oldi“. uzreport.news. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  59. 59,0 59,1 „“Dok-1 Maks” бахтсиз ҳодисасига катта дозада ва тартибсиз истеъмол сабаб бўлган“ (2023-yil 30-mart). Qaraldi: 31-mart 2023-yil.
  60. „JSST 300 odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavfli dorilar ro‘yxatini e’lon qildi“ (uz). Kun.uz. Qaraldi: 2023-yil 26-yanvar.
  61. „https://www.business-standard.com/article/companies/syrup-deaths-in-uzbekistan-pharmexcil-suspends-marion-biotech-s-membership-122123001058_1.html“. business-standard.com. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  62. „"QURAMAX MEDIKAL" mas’uliyati cheklangan jamiyati“. orginfo.uz/. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  63. „⚡️⚡️Ҳиндистон ҳукумати «Док-1 МАКС» дорисини ишлаб чиқарган компанияга қарши иш очди“. uza.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  64. „Hindiston hukumati "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqargan kompaniyaga qarshi ish ochdi“. uzreport.news. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  65. 65,0 65,1 65,2 „Hindiston hukumati «Dok-1 Maks» dori vositasini ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan surishtiruv ishlarini boshladi“. kun.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  66. 66,0 66,1 „Indian maker of syrup linked to Uzbekistan deaths halts production; facility inspected“. reuters.com. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  67. „Ҳиндистон ҳукумати «Док-1 МАКС» дорисини ишлаб чиқарган компанияга қарши иш очди“. uza.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  68. „Hindistonda “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqarish to‘xtatildi“. qalampir.uz.
  69. „Uzbekistan cough syrup deaths: India's Marion Biotech halts manufacturing, CDSCO initiates probe“. economictimes.com. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  70. „ДХХ томонидан “Док-1 Макс” дори воситаси билан боғлиқ ҳолат юзасидан жиноят иши қўзғатилди“. xavfsizlik.uz. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  71. „«Док-1 Макс» сиропини қабул қилиб вафот этган болалар ҳақида хабар берган Самарқанд вилояти болалар кўп тармоқли тиббиёт маркази...“. pressuzb. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  72. „Mamatqul Azizov — qahramon!“. masofatalim. Qaraldi: 29-dekabr 2022-yil.
  73. „“Dok-1 Maks” zararini fosh etgan shifokorlar ishga tiklanishi mumkin“. oyina.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  74. „Манба: «Док-1 Макс»ни фош қилган шифокорлар ишга тикланиши мумкин“. kun.uz. Qaraldi: 5-yanvar 2023-yil.
  75. „“Dok-1 MAKS” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmagan – DXX“. oyina.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  76. „“Док-1 Макс” ва “Амбронол” лаборатор синовлардан нотўғри ўтказилгани аниқланди“. qalampir.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  77. „«Док-1 МАКС» ва «Амбронол» дори воситалари белгиланган тартибда лаборатория синовларидан ўтказилмаган – ДХХ“. kun.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  78. „“Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan — DXX“. daryo.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  79. „ДХХ: «Док-1 МАКС» ва «Амбронол» дори воситалари белгиланган тартибда лаборатория синовларидан ўтказилмаган“. xavfsizlik.uz. Qaraldi: 6-yanvar 2023-yil.
  80. 80,0 80,1 „Hindistonda “Dok-1 Maks” ishlab chiqaruvchisining barcha zavodlari yopildi“. qalampir.uz. Qaraldi: 31-dekabr 2022-yil.
  81. „Noida Firm Behind Syrup Linked To 18 Uzbekistan Deaths To Halt All Production“. ndtv.com. Qaraldi: 30-dekabr 2022-yil.
  82. „O‘zbekistonda “Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniyaga tegishli barcha dorilar savdosi vaqtincha to‘xtatildi“. daryo.uz. Qaraldi: 30-dekabr 2022-yil.
  83. „Hindistonda “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqargan zavod ustidan tekshiruvning dastlabki natijalari e’lon qilindi“. daryo.uz. Qaraldi: 30-dekabr 2022-yil.
  84. „Соғлиқни сақлаш вазири «QURAMAX» компаниясининг барча дориларини сотишни тўхтатишга кўрсатма берди“. kun.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  85. „Indian state suspends license of cough syrup maker linked to Uzbekistan deaths - Moneycontrol“. reuters.com. Qaraldi: 10-yanvar 2023-yil.
  86. „«QURAMAX»нинг лицензияси бекор қилинди“. xabar.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  87. „РАСМИЙ АХБОРОТ“. oliysud.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.
  88. „Sud “Quramax”ning litsenziyasini bekor qildi“. kun.uz. Qaraldi: 13-yanvar 2023-yil.

Havolalar