Koʻktepa (Payariq tumani)
Koʻktepa — qad. shahar harobasi (miloddan avvalgi 9—4-asrlar). Samarqand viloyatining Payariqtumaniga qarashli hududida, Batrak va Shamat kishloklari oraligʻida, Bulungʻursoyning qad. oʻzani sohilida joylashgan. Mahalliy aholi orasida u Sayiltepa deb ataladi. K. ilk temir davri shahar harobasi, kvadrat shaklida, maydoni 23 ga atrofida, uning relyefida chor atrofi boʻylab qad koʻtargan mudofaa devori va 4 joyda shahar darvozalarining oʻrinlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Yodgorlik relyefida shahar mudofaa devorining tashqarisidan 2-mudofaa inshooti oʻtgan koʻrinadi. Uning xom gʻishtdan qurilgan izlari 1 km chamasi uzunlikda yodgorlikning shim.-gʻarbiy tomonida kuzatiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, u yaqin 100 ga maydonni oʻrab olgan. Ammo 2-mudofaa inshooti oraligʻi keyingi yillarda xoʻjalik maqsadlarida toʻliq oʻzlashtirilib, uning qad. inshootlari mutlaqo buzib tashlangan. K. maydonining 2 joyida baland doʻngliklar kuzatiladi. Ulardan biri yodgorlikning markazida, kvadrat shaklida (70 × 70 m), ikkinchisi, uning sharqida, 2 yarus (qavat, qatlam)li (qasr oldidagi maydon bilan).
Yodgorlikda olib borilgan arxeologik tadkiqotlar vatijasiga koʻra, qad. shahar hayoti 3 davrga boʻlinadi (K. 1,2,3). K.I davri Zarafshon vodiysida mahalliy chorvador saqlarning oʻtrok qayotga, dehqonchilik xoʻjaligi yuritishga ommaviy ravishda oʻtayotgan, Sugʻdiyona dehqonchilik vohasining jadal tarkib topayotgan davri bilan farqlanadi. Bu davrda kulolchilik mahsulotlari, asosan, qoʻlda tayyorlanib, ularning och rangli pardozlangan sirtiga qizgʻish qora boʻyoqda turli shakllarda gul solish odat boʻlgan. K. 1 davrida dastlab aholi yarim yer toʻla shaklidagi kulbalarda yashadi, uning soʻnggi bosqichiga kelib, guvala va xom gʻishtdan koʻp xonali uylar va baland platforma (tag kursi) ustiga monumental bino (ibodatxona majmuasi) qurish odat tusiga kiradi. K.1 davri majmuasi Fargʻona vodiysining Chust madaniyati, umuman, Oʻrta Osiyoning Yaz 1 deb atalgan arxeologik majmualari bilan har jihatdan bir-birlariga yaqin va oʻxshash boʻlib, ularning yil sanasi keyingi yillarda (mas, Chust madaniyatining yoshi) rosa 500—600 yilga qad. dir deb topilmokda.
K.2 davriga kelib, Sugʻdiyova hududlariga Qad, Sharq tamadduniga xos urbanistik jarayon jadal kirib keladi. Yangi etno-madaniy qatlamning yerli tub aholi bilan qorishuvi vatijasi sifatida K. 2 majmuasi tarkib topadi. Bu jarayon, ayniqsa, kulolchilikda yaqqol koʻzga tashlandi. Keramika mahsulotlari tarkibida yuqori sifatli, kulolchilik charxida tayyorlangan idishlar keskin koʻpayadi. Endi, kulolchilikda sopollarning naqshiga emas, balki ularning sifatiga eʼtibor qaratiladi. Uy-joy qurilish sohasida monumental binolar, majmualar barpo etish rivojlanadi. Sugʻdda qad. shahar madaniyati uzil-kesil shakllanadi. Bu davrda K. da, uning markazida qalin platforma (tag kursi) ustida mahobatli shahar ibodatxonasi uzil-kesil shakllanadi. Undan sharq-roqsa joylashgan K. hukmdorining qasri tarkib topadi.
K. 3 davriga kelib, Qad. Sharqtamadduni anʼanalari asosida rivojlanishda davom etayotgan shahar hayotiga make-doniyalik Aleksandr yurishlari muno-sabati bilan ellin madaniyati kirib ke-ladi. Shahar maydoni yoʻlak hosil qilgan 2 qatorli mudofaa devori bilan oʻrab olinadi. Shahar maydonining yuqori qismida kamida 0,50 sm qalinlikda ellin davri qatlami hosil boʻlgan. Undan soʻng qandaydir sababga koʻra, shaharda hayot toʻxtaydi.
K.dan 25—35 yoshdagi ayol qabri ochildi. Qabrdan yogʻoch toʻshama va qamish boʻyra izlari topildi. Ayolning koʻylagining chetlari silindr shakldagi 345 ta oltin taqinchoqlar, bosh kiyimi esa 57 ta shisha munchoq bilan bezatilgan. Belbogʻiga feroʻza qadamalar oʻrnatilgan oltin toʻqachalar taqilgan. Mayitni oyoq tomonidan qaychi, urchuq va Xitoyning Xan sulolasi davriga oid kumush qoʻshilgan dumaloq jez koʻzgu topildi. Mana shu koʻzgu va boshqa belgilarga koʻra, qabr miloddan avvalgi 1 — milodiy 1-asrga oid deb belgilandi. Qabr maydoni 11 × 5,5 m hajmda boʻlib, lahadning chuq. 6,5 m ni tashkil etgan. M. Isomidsinovning fikricha, bu yerda malika yoki aslzoda ayol dafn etilgan. 2001-yil K. minorasi oʻrnida qazishma ishlari davom ettirildi, u yerda sopol idishlar, tegirmon tosh boʻlaqlari, tosh oʻroq, qozon, bandli marmar tarozu toshi, marmardan ishlangan buyumlar, 4 oyoqchali kichik chirogʻdon, toʻqimachilik dastgohi uchun moʻljallangan suyak taroq, tosh pichoq, ogʻir bolta, hayvon suyaklari topildi (miloddan avvalgi 8 — 7-asrlar).
Adabiyot
tahrir- Isamiddinov M. X., Genezis gorodskoy kulturi Samarqandskogo Sogda, Samarqand, 2000.
Ahmadali Askarov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |