Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasi hukumati; ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organi.O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o'rinbosarlari va vazirlaridan iborat. [1]Qarorgohi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonidagi Hukumat uyi. Vazirlar Mahkamasining huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobida va „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida“ (1993-yil 6-may; yangi tahrirda 2003-yil 29-avgust) qonunda belgilangan. Konstitutsiyaga koʻra, Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi.
Turi | Davlat boshqaruv idorasi |
---|---|
Maqomi | Amalda |
Ishga tushgan sanasi | 1991 yil 1 sentyabr |
Joylashuvi | Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, Hukumat uyi |
Hududiy xizmati | Oʻzbekiston |
Bosh vazir | Abdulla Aripov |
Bosh mahkamasi | Mahkama |
Aʼzolari | Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitasi raislari |
Vebsayti | gov.uz |
Til(lar)i | Oʻzbek, Rus |
Hamkor tashkilotlari |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi |
Vakolatlari
tahrirVazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
- iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi;
- mulkchilikning barcha shakllarini uygʻunlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ishga solish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
- xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini barpo etishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi;
- Oʻzbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
- yagona narx siyosatini oʻtkazish, mehnatga haq toʻlash miqdorining belgilangan kafolatlarini hamda ijtimoiy taʼminot darajasini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
- respublika byudjetini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini tashkil etadi, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
- fan va texnikani rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
- fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini taʼminlash choratadbirlarini koʻradi;
- sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
- Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
- respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
- yirik avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini koʻradi;
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi,
- hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini koʻradi;
- tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-iyuldagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining bir qator vakolatlariga oʻzgartirishlar kiritildi[2].
Faoliyati
tahrirVazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi. Vazirlar Mahkamasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi. Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, uning majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli. Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir. Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oddida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 14-fevraldagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan. Vazirlar Mahkamasining ishi choraklik rejalariga muvofiq olib boriladi. Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida 1-marta oʻtkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat koʻrsatadi. Bosh vazirning qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining boshqa aʼzolari ham kiritilishi mumkin. Shoshilinch masalalarni muhokama qilish zarurati tutilganda Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri har haftada Bosh vazir oʻrinbosari, Axborot-tahliliy boshqarmasi boshligʻi va Apparat rahbari ishtirokida kengashlar oʻtkazadi, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishini uyushtirish masalalari, hukumat apparatining kundalik faoliyati muhokama qilinadi. Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Davlat va xoʻjalik boshqaruvining ayrim masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.
Apparati
tahrirVazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqalar materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasi Apparati faoliyat koʻrsatadi. Quyidagi Axborot-tahlil departamentlari Vazirlar Mahkamasi apparatining asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi:
- Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar yigʻma axborot-tahlil departamenti;
- Agrosanoat va suv xoʻjaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti;
- Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti;
- Yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, metallurgiya va mashinasozlik masalalari axborot-tahlil departamenti;
- Isteʼmol tovarlari va savdo kompleksi masalalari axborot-tahlil departamenti;
- Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti;
- Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti
Vazirlar Mahkamasi apparati ishini Vazirlar Mahkamasi apparati rahbari muvofiqlashtirib boradi. Apparat rahbari oʻz maqomi boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan vazifasiga tayinlanadi va boʻshatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi „Xalq soʻzi“ — „Narodnoye slovo“ gazetalarining hammuassisi (ushbu gazetalar ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi gazetalari hisoblanadi), „Pravda Vostoka“ gazetasining muassisidir.
Binosi
tahrirOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonida (1968, meʼmori B. Mezensev va boshqa; muhandisi V. Krichevskiy va boshqalar). 7 qavatli bino temirbeton bloklardan tiklangan, 1-qavati V shaklidagi ustunlardan iborat; tarzidagi vertikal chiziqlar feruza rang devor yoʻllari bilan binoga ulugʻvorlik baxsh etgan. 1999-yil fevralda sodir boʻlgan qoʻporuvchilik vaqtida shikastlangan bino 2000-yilda taʼmirlandi. Taʼmirlashda binoni mustahkamlash, „Hukumat uyi“ talabiga mos yangi meʼmoriy yechimini hal etishga ahamiyat berildi. Binoning yangi koʻrinishi koʻrkam, salobatli hamda vazmin: ochiq qoldirilgan 1 qavati qizil marmar devor bilan berkitildi; asosiy kirish eshigi ustidagi tom chizigʻidan chiqib yuqoriga koʻtarilgan oyna devorda respublika gerbi va bayrogʻi oʻrnatildi. Binoning tilla rang oynalari sirtlariga ishlatilgan granitlar poydevor sirtidagi qoplamalar bilan uygʻun. Binoning ichki qismi ham qayta taʼmirlandi, xonalar pardozlanib ulugʻvor koʻrinishga ega boʻldi (ganchkorlik ishlarida M. Sultonov, Mirvohid Usmonov va boshqalar; naqqoshlik ishlarida A. Karimov va boshqalar ustalar ishtirok etgan). Binoning ichki hovlisi piramida shaklidagi maxsus shaffof oynali tom bilan yopilib „qishki bogʻ“ tusini olgan. Bino maydondagi boshqa inshootlar bilan uygʻunlikda majmua hosil qiladi, atrofi koʻkalamzorlar, gulzorlar bilan soʻlim maskanga aylantirilgan.[3]
Tarkibi
tahrirVazirlar Mahkamasi tarkibiga:
- Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
- Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosarlari
- Vazirlar
- Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qoʻmitalarining raislari
- Davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari kiradilar
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Bosh vazir:
- Bosh vazirning oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan ish koʻradi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
- Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Bosh vazir boʻlmagan hollarda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar bajaradi.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari:
- oʻzlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
- Vazirlar Mahkamasi majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadilar;
- Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish haqida takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ishlab chiqishda tashabbus koʻrsatishlari mumkin;
- Korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda boshqa pul toʻlanadigan lavozimni egallash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emaslar.
Vazirlar Mahkamasi yangidan saylangan Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini topshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri
tahrirOʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosarlari
tahrir- Ochilboy Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, qurilish va transport masalalari majmuasi rahbari
- Jamshid Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri.
- Jamshid Xoʻjayev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari
- Zulayho Mahkamova — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.
- [4].
Vazirlar roʻyxati
tahrir- Ilhom Mahkamov — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri.
- Joʻrabek Mirzamahmudov[5]. — Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri.
- Jamshid Qoʻchqorov — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri
- Botir Zaxidov – O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri
- Ozodbek Nazarbekov — Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
- Poʻlat Bobojonov — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri.
- Baxtiyor Saidov — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri.
- Laziz Kudratov – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri
- Shuhrat Xolmuhammedov — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri.
- Kongratbay Sharipov — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
- Aziz Abduhakimov — O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri
- Adham Ikromov — Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri.
- Shavkat Hamroyev — Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri.
- Akbar Tashkulov— Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri.
- Asilbek Xudayarov — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri.
- Abdulla Kuldashev — Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri.
- Sherzod Shermatov — O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri.
- Sherzod Hidoyatov — Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri[6].
- Hilola Umarova – O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
- Ibrohim Abdurahmonov — O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri[7].
Davlat qoʻmita raislarining roʻyxati
tahrir- Narzullo Oblomuradov — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi.
- Bahrom Norqobilov — Oʻzbekiston Respublikasi davlat veterinariya qoʻmitasi raisi.
- Bobir Islomov — Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi.
- Bahodir Begalov — Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasi raisi.
- Akmalxuja Mavlonov — Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona qoʻmitasi raisi.
- Sherzod Qudbiyev — Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq qoʻmitasi raisi.
- Baxtiyor Gʻulomov — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi.
- Oybek Ismoilov — Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi raisi.
- Nizomiddin Bakirov — Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi.[8]
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
Huzuridagi markaziy muassasalar roʻyxati
tahrir- Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvxoʻjaliknazorat)[9]
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvinspeksiya)
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (Oʻzkomnazorat)
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi „Oʻzarxiv“ Agentligi
- Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi
- „Oʻzbekkino“ Milliy Agentligi
- Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi
- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi
Manbalar
tahrir- ↑ Mukumov, Bobur (2024-07-24). „O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA GERMANIYA FEDERATIV RESPUBLIKASIDA TOVAR BELGILARINI HUQUQIY MUHOFAZA QILISH MASALALARI“. Ижтимоий-гуманитар фанларнинг долзарб муаммолари / Актуальные проблемы социально-гуманитарных наук / Actual Problems of Humanities and Social Sciences. 4-jild, № 7. doi:10.47390/spr1342v4i7y2024n43. ISSN 2181-1342.
- ↑ „Вазирлар Маҳкамаси фаолиятига қатор ўзгартиришлар киритилди“. Bugun.uz. 2021-yil 16-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 14 июль.
- ↑ OʻzMEdan olingan maʼlumot.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlash to‘g‘risida“. Qaraldi: 11.22.2024.
- ↑ davletovuz(oʻzb.) Telegram mesenjerida
- ↑ https://my.gov.uz/uz/getService/89[sayt ishlamaydi]
- ↑ https://m.kun.uz/news/2020/01/22/fotoreportaj-hukumatning-yangi-tarkibini-shakllantirish-jarayoni-qanday-otdi
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 2-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-mart.
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2020-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 21-fevral.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |