Muhammad

Arab siyosiy arbobi, islom dini asoschisi
(Mohammeddan yoʻnaltirildi)

Andoza:Wikidata image

Muhammad
مُحَمَّد
Inscription proclaiming Muhammad as the messenger of God
„Muhammad Allohning elchisi“
Madinada joylashgan Al-Masjid an-Nabaviyning darvozasiga oʻyib ishlangan yozuv
Unvoni Islom dini paygʻambari, Allohning soʻnggi paygʻambari, Allohning elchisi
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi tax. 570 (yoki 571) BE (53 HY)[1]
Vafoti 8-iyun 632-yil (11 HY) (61–62 yoshda)
Madina, Hijoz, Arabiston
Al-Masjid an-Nabaviydagi Al-Qubbah Al-Khaḍrāʾ (Yashil gumbaz)ga dafn etilgan

24°28′03″N 39°36′41″E / 24.46750°N 39.61139°E / 24.46750; 39.61139 (Green Dome)
Dini Islom
Turmush oʻrtoq(lar)i Qarang: Muhammadning ayollari
Farzandlari Qosim (598–601)
Zaynab (599–629)
Ruqayya (601–624)
Ummu Kulsum (603–630)
Fotima (605–632)
Abdulloh (611–615)
Ibrohim (630–632)
Qarang: Muhammadning farzandlari
Ota-onasi Abdulloh ibn Abdulmuttalib (otasi)
Omina binti Vahb (onasi)
Tanilgan sohasi Islom asoschisi
Boshqa nomlari
  • Rasūl Allāh (Allohning elchisi)
Taxallusi Abu al-Qosim, Abu at-Toyib
Kasbi Savdogarlik
Qarindoshlar Muhammadning shajara daraxti, Ahl ul-Bayt
Imzosi

Muhammad, Muhammad ibn Abdulloh (arabcha: مُحَمَّد بنِ عَبْد ٱللَّٰه; tax. 571-yil, Makka — 8-iyun 632-yil, Madina)[2][3] — islom dini va birinchi musulmonlar jamoasi asoschisi. Musulmonlar eʼtiqodiga koʻra, Allohning oxirgi paygʻambari va uning elchisi. Shu maʼnoda uni Rasululloh, Rasuli Akram deb atash odat tusiga kirgan. Islom taʼlimotiga koʻra, Muhammad paygʻambar nomini aytgan yoki eshitgan kishi „sallalohu alayhi vasallam“ (s.a.v.) yoki „alayhissalom“ (a.s.) deb salavot aytib qoʻyish vojib hisoblanadi. Muhammad paygʻambar orqali odamlarga Qurʼon nozil qilingan.

Quraysh qabilasining hoshimiylar urugʻiga mansub, uncha boy boʻlmagan, lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada tugʻilgan. Muhammad paygʻambarning bolalik va oʻsmirlik yillari haqidagi maʼlumotlar juda kam. Muhammad paygʻambar goʻdakligidayoq yetim qolgan; tugʻilmasidan avval otasi Abdulloh, 6 yoshligida esa — onasi Omina vafot etgan. Muhammad paygʻambarni oʻz tarbiyasiga olgan bobosi Abdulmuttalib ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtadi. Yetim bolani tarbiya qilishni amakisi Abu Tolib oʻz zimmasiga oladi. 12 yoshida Muhammad paygʻambar bir muddat Abu Tolibning podasini boqadi, keyin tijorat ishlariga jalb qilinadi. Abu Tolib Muhammad paygʻambarni 21 yoshida Huvaylid ibn Asʼadning qizi, badavlat beva ayol Xadicha xonadoniga dastyorlikka beradi. Xadichaning savdo ishlari bilan shugʻullangan Muhammad paygʻambar Suriyaga safar qiladi, xususan, Halab va Damashq shaharlariga boradi. Muhammad paygʻambar 25 yoshida (595-yil) 40 yoshlarga borib qolgan Xadichaga uylanadi. Muhammad paygʻambar 3 oʻgʻil (Qosim, Abdulloh, Ibrohim) va 4 qiz (Ruqayya, Zaynab, Ummu Kulsum, Fotima) farzand koʻrgan. Joriyasi Mariyadan boʻlgan Ibrohim ismli oʻgʻlidan boshqa barcha farzandlari Xadichadan edi. Oʻgʻillari goʻdakligidayoq vafot etgan. Qizlaridan Fotimagina Muhammad paygʻambar naslini davom ettirgan. Xadicha vafotidan soʻng Muhammad paygʻambar bir necha bor uylangan (lekin, Oyshadan boshqa bokira xotin olmagan), biroq ulardan farzand koʻrmagan.

Muhammad paygʻambar 40 yoshga toʻlganida oʻzini boshqacha seza boshlaydi. Yolgʻizlikni qoʻmsab, Makka yonidagi Hiro togʻida joylashgan gʻorga borib ibodat bilan mashgʻul boʻlar, oʻyga tolardi. Taxminan 610-yilda Muhammad paygʻambar Makkada oʻzining Allohdan vahiy olayotganligini eʼlon qiladi. Buni birinchilardan boʻlib Xadicha, Muhammad paygʻambarning amakivachchasi Ali ibn Abu Tolib hamda asrandi oʻgʻli Zayd ibn Horisa eʼtirof etib iymon keltirishgan. Koʻp oʻtmay, Makkaning eng nufuzli savdogarlaridan Abu Bakr, Zubayr, Talha, Saʼd ibn Abu Vaqqos,Usmon ibn Affon va keyinchalik Madinaning eng nufuzli savdogari boʻladigan Abdurahmon ibn Avf Muhammad paygʻambarni chin paygʻambar deb tan olishgan. Muhammad paygʻambar izdoshlari jamoasi dastlabki paytlarda 50 kishidan oshmagan. Makkaning asosiy aholisi, ayniqsa, nufuzli qurayshliklar esa Muhammad paygʻambar taʼlimotini ochiqdan-ochiq dushmanlik bilan qarshi olgan. Buning natijasida Muhammad paygʻambar tarafdorlaridan 11 xonadon Habashiston (hozirgi Efiopiya) ga koʻchib ketgan. Muhammad paygʻambar jamoasiga jasur jangchilar sifatida tanilgan Hamza va Umar ibn Xattobning qoʻshilishi jamoaning mavqeini oshirdi. Ayni vaqtda quraysh zodagonlarining Muhammad paygʻambar va uning tarafdorlariga dushmanligi yanada kuchaydi. 620-yilda Xadichaning, soʻngra Abu Tolibning vafotidan soʻng Makkada vaziyat yomonlashadi, Muhammad paygʻambar muayyan xatar ostida qoladi. Har yilgi anʼanaviy Makka ziyoratiga kelgan yasriblik Avs va Hazraj qabilalarining vakillari Muhammad paygʻambar bilan uchrashib, sodiqlik bildirishadi va yordam qilishga vaʼda berishadi, Muhammad paygʻambarni Yasribga koʻchib borishga daʼvat qilishadi. Avval Muhammad paygʻambarning izdoshlari (asʼhoblar) oʻz oilalari bilan quraysh zodagonlaridan maxfiy ravishda guruh-guruh boʻlib koʻchadi. Oxirida Muhamad paygʻambarning oʻzi Abu Bakr Siddiq bilan joʻnab ketadi. 622-yildada yuz bergan bu koʻchish payti (arab, hijrat)dan musulmonlar erasi — hijriy yil hisobi boshlanadi. Yasrib esa Madina an-Nabiy („Paygʻambar shahri“) yoki qisqacha, Madina deb ataladigan boʻldi.

Madinada birinchi masjid qurildi, islom arkonlari ishlab chiqila boshlandi, Kaʼba qibla qilib belgilandi. Jamoani jipslashtirish va uni kengaytirish uchun makkalik mushriklarga qarshi kurashish zarur edi. Makkaliklarga qarshi uyushtirilgan iqtisodiy urush ular farovonligining asosiy manbai boʻlgan savdo karvonlari ishini chippakka chiqardi. 624-yilda Badr quduqlari oldida Badr jangi, 625-yilda Uhud togʻi etagida Uhud janglari boʻldi. 626-yilda makkaliklar madinaliklarga uzil-kesil zarba berish maqsadida yirik harbiy safarga otlanishdi. Muhammad paygʻambar Madinani uzoq qamal sharoitiga tayyorladi, shahar atrofiga chuqur xandaqlar qazildi va u yerlarga kamonchi oʻqchilar joylashtirildi. Kutilmagandagi izgʻirin, kuchli shamollar qamal qiluvchilarni toliqtirdi, ular orasida nizolar boshlandi. Natijada Madina qamali bekor qilindi, bu gʻalaba Madina jamoasini yanada jipslashtirish bilan birga, unga yangi-yangi badaviy qabilalarning qoʻshilishiga olib keldi. Hijratning 6-yilida makkalik quraysh zodagonlari mavjud muammolarni kelishuvchilik yoʻli bilan bartaraf etish uchun Muhammad paygʻambar bilan tengma-teng muzokara olib borishga majbur boʻlishdi. Madinaga qarshi kurashning yetakchilaridan biri boʻlgan Abu Sufyon Muhammad paygʻambar tarafiga oʻtdi. 630-yilda Makka Muhammad paygʻambarga jangsiz taslim boʻldi, makkaliklar Muhammad paygʻambar jamoalariga qoʻshildi. 631-yilda koʻp qabilalar Muhammad paygʻambarga boʻysundi va islomni qabul qildi. Hijratning 10-yili (632-yil martida) Muhammad paygʻambar oʻz oila aʼzolarini olib, Madina atroflaridagi 100 mingdan ortiq kishi bilan Makkaga birinchi va oxirgi marta ziyorat (haj)ga bordi. Bu vidolashuv haji boʻlgan. Mana shu ziyorat Makkaning islom dini markazi sifatidagi mavqeini uzil-kesil hal etdi. Oʻshandan buyon oʻtgan barcha asrlar davomida musulmonlar bu shaharni ziyorat qiladi. Haj safaridan 81 kun keyin uzoq davom etmagan kasallikdan soʻng Muhammad paygʻambar Madinada vafot etdi. Muhammad paygʻambarni oʻz hujrasiga dafn qilishgan, maqbarasi keyinchalik u yerda qurilgan katta masjid ichida qolgan, musulmonlarning ziyoratgohiga aylantirilgan.

Muhammad paygʻambarning hayoti va tarjimai holi siyratda, uning soʻzlari va qilgan ishlari haqidagi rivoyatlar hadislarda bayon etilgan. Islom taʼlimotida Muhammad paygʻambar komil inson sifatida taʼriflanadi. Sunnat paygʻambarning hayoti barcha musulmonlar uchun namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Islom anʼanasida Muhammad paygʻambar hech qanday gʻayritabiiy, ilohiy xususiyatga ega emasligi, balki hamma kabi oddiy odam, lekin Allohning chin va oxirgi paygʻambari ekanligi qayd etiladi.

Muhammad paygʻambarning shakl-u shamoyillari, siyrat-u sifatlari, insoniy fazilatlari, boshqa paygʻambarlardan farq etadigan xususiyatlari toʻgʻrisida u bilan birga yurgan, suhbatlaridan bahramand boʻlgan sahobalar hamda nikohida boʻlgan ayollari tomonidan naql qilingan rivoyatlar asosida koʻplab asarlar bitilgan. Ulardan Abu Iso Termiziyning „Shamoili nabaviya“, Muhammad Busiriyning „Qasidai burda“, Abu Jaʼfar Barzanjiyning „Mavlidin-Nabiy“, Muhammad ibn Solihning „Muhammadiya“, Mavlono Muʼinning „Siyari sharif“, Akbarobodiyning "Nodirul-meʼroj“, Sayyid Mahmud Taroziyning „Shirin kalom“, „Nurul kalom“, „Nurulbasar“, Alixontoʻra SogʻuniyningTarixi Muhammadiy“ va boshqa koʻplab mualliflarning asarlarini misol qilib keltirish mumkin.

Imom Termiziyning „Shamoili Muhammadiyya“ kitobi ular ichida qadimiyligi va rivoyatlarining sahihligi bilan ajralib turadi. Unda Muhammad paygʻambarning jismoniy va axloqiy xususiyatlariga batafsil taʼrif berilgan. Maslan, ikki kiftlari oʻrtasida „Muhammadun rasululloh“ deya bitilgan muhri nubuvvatlari boʻlgani, soch-soqollarining oqu-qorasi nechta boʻlganidan tortib, kiyim-kechaklari, oyoq kiyimlari, taqqan uzuklari, qilich-qalqonlari, salla-choponlari, yegan va yoqtirgan taomlari, ovqatdan oldin va keyin oʻqigan duolari, suv ichishlari, xushboʻy narsalarni isteʼmol qilishlari, soʻzlashish odoblari, xulq-odoblari, kulish va hazil-mutoyibalari, musiqa va sheʼriyatga munosabatlari, ibodat va riyozatlari, tilovat va munojotlari, yotish-turishlari, tibbiyotga munosabatlari, kundalik tirikchiliklari, nomu laqablari, umrlarining miqdori, xastalik va vafotlari, qoldirgan meroslari va boshqa sifatlari toʻgʻrisida alohida-alohida bob va fasllar orqali bayon etilgan. Jismoniy tuzilishlari toʻgʻrisida jumladan shunday naql qilinadi:

„Ul zotning boʻylari unchalik novcha ham, past ham emas, bosh, qoʻl, oyoq va kiftlari yoʻgʻon, yuzlari qizgʻish, koʻzlari katta, oqi juda oq, qorasi oʻta qora, oʻtkir, sochlari quloqlarining yumshoqlarigacha yopib, yelkalariga tegib-tegmay turar, boʻyinlari sochlari orasidan tovlanib, goʻyo kumush koʻzdek koʻrinib turar, terlasalar, marjondek terlaridan muattar hid taralar, biror kishiga qayrilib qaramoqchi boʻlsalar boshlarinigina burib qaramay, balki butun gavdalari bilan oʻgirilib qarar edilar. Old tomonlarini qanday koʻrsalar, orqa tomonlarini ham shunday koʻrar edilar“.

Manbalar

tahrir
  1. Conrad 1987.
    • Conrad, Lawrence I. (1987). „Abraha and Muhammad: some observations apropos of chronology and literary topoi in the early Arabic historical tradition1“. Bulletin of the School of Oriental and African Studies. 50-jild, № 2. 225–40-bet. doi:10.1017/S0041977X00049016. ISSN 0041-977X.
    • Sherrard Beaumont Burnaby. Elements of the Jewish and Muhammadan calendars: with rules and tables and explanatory notes on the Julian and Gregorian calendars. G. Bell, 1901 — 465-bet. 
    • Hamidullah, Muhammad (February 1969). „The Nasi', the Hijrah Calendar and the Need of Preparing a New Concordance for the Hijrah and Gregorian Eras: Why the Existing Western Concordances are Not to be Relied Upon“ (PDF). The Islamic Review & Arab Affairs. 6–12-bet. 5-noyabr 2012-yilda asl nusxadan (PDF) arxivlandi.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  2. Elizabeth Goldman (1995), p. 63, gives 8 June 632 CE, the dominant Islamic tradition. Many earlier (primarily non-Islamic) traditions refer to him as still alive at the time of the Muslim conquest of Palestine. See Stephen J. Shoemaker,The Death of a Prophet: The End of Muhammad’s Life and the Beginnings of Islam, page 248, University of Pennsylvania Press, 2011.

Adabiyotlar

tahrir
  • Hadis (Al-Jomiʼ assahih), 1—4-j.lar (2-nashri), T., 1997;
  • Imom atTermiziy, Shamoili Muhammadiyya, T., 1991;
  • Alixontoʻra Sog‘uniy, Tarixi Muhammadiy (1—2-kitob), T., 1997; Hazrati paygʻambar hayoti (2nashri), T., 1997;
  • Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1kitob: Joqiliya asri). T., 2001.;
  • Lutfiy Ahmad, Saodat asri qissalari [1-kitob. Intizor kutilgan tong], T., 2003.
  • Mansur, Abdulaziz. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ali, Tariq, „Winged Words“ (review of Maxime Rodinson, Muhammad, tarjimon — Anne Carter, NYRB, March 2021, 373 s., ISBN 978 1 68137 492 5), London Review of Books, vol. 43, no. 12 (17 June 2021), s. 11-14.
  • Muḥammad, in The Oxford Encyclopedia of the Islamic World, by Ahmad S. Moussalli, Gordon D. Newby, Ahmad Moussalli
  • Muhammad: Prophet of Islam, in Encyclopædia Britannica Online, by Nicolai Sinai and W. Montgomery Watt

Havolalar

tahrir